Kontent qismiga oʻtish

Qodirjon Haydarov

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Vikipediyada ismi Qodir va familiyasi Haydarov boʻlgan boshqa kishilar haqida ham maqolalar mavjud.

Qodirjon Haydarov (1899, Qoʻqon – 1983.15.12) – yogʻoch oʻymakori, Qoʻqon yogʻoch oʻymakorlik maktabining yirik vakili, ustazoda. Oʻzbekiston SSR xalq rassomi (1963). Oʻymakor usta Haydar Najmiddinovning oʻgʻli. Hunarni otasi bilan birga ishlab oʻrgangan. Otasi bilan Qoʻqon hunarmandlik maktabida dars bergan (1919—1920-yillar), 1923-yilda Moskvadagi xalq xoʻjaligi koʻrgazmasida ishladi; 1925—1929-yillarda Qoʻqondagi Narimonov nomidagi institut-internatda, 1929—1931-yillarda Qoʻqon shahridagi yosh duradgorlar toʻgaraklariga boshchilik qildi. 1931—1933-yillarda rab-fakda oʻqidi. „Yangi maʼdan“ artelida usta (1936—1954), Qoʻqon muzeyida taʼmirlovchi usta (1954—1957). Haydarov ustun, kursi, stol, xontaxta, quti, eshik, panjara, karavot va boshqa buyumlarni jozibador bezab shuhrat qozondi. 1958-yildan Toshkentdagi Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyi va Oʻzbekiston Badiiyot akademiyasi Markaziy koʻrgazmalar zali eshiklari, Toshkent sirki binosi uchun namoyonlar va boshqa koʻpgina oʻymakori asarlar yaratdi, anʼanaviy naqsh mujassamotlarini yangi ohanglar bilan boyitdi. Haydarovning Qoʻqon yogʻoch oʻymakorligi maktabining milliy anʼanalarini saqlab qolish va uni rivojlantirishda xizmatlari katta; koʻplab shogirdlar (X. Umarov, S. Ergashev, U. Umarov, A. Abdullayev va boshqalar) tayyorlagan.

Haydarov asarlaridan namunalar respublika va chet mamlakatlar muzeylari va xususiy toʻplamlarda saqlanadi. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1970). Oʻzbekiston badiiy akademiyasi Qoʻqon tasviriy va amaliy sanʼat kollejiga Haydarov nomi berilgan.

  • Toqtosh R., Usta Qodirjon Haydarov. T., 2003.