Qiziqchilik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qiziqchilik - oʻzbek anʼanaviy teatr turi. Q. teatri, asosan, Qoʻqon xonligi hududida (ayniqsa, Fargʻona vodiysi va Toshkentda) rasm boʻlgan, ijrochisi qiziqchi (qiziq), toʻda boshligʻi va ish yurituvchisi korfarmon deb atalgan. Uning repertuarini tanqid va muqallid janrlaridagi hajviy va yumoristik komediyalar, kulki-hikoya tashkil etgan. Q. ogʻzaki dramaturgiyaga asoslangan; bunda koʻrsatiladigan tomoshalarning fabulasi, syujeti, ayrim barqaror savoljavoblari maʼlum boʻlib, qiziqchilari tomonidan oldindan oʻzlashtirilgan va shu asosda ijod va ijro qilingan. Qiziqchilar oʻz ijodlarida koʻproq soʻz sanʼatiga tayangan, xalq poetik ijodi, til boyligi, askiyachi, mumtoz adabiyot namunalaridan ustalik bilan foydalanganlar; muayyan rolda oʻynaganda xarakterga yarasha liboslarda chiqsa-da, odatda, qizil, sariq yoki jigarrang matodan tikilgan yoki quroq kamzul kiygan. 19-asrda qiziqchilarning truppalari (mas, Bidiyorshum, Zokir Eshon boshchiligidagi toʻdalar) faoliyat koʻrsatgan. Zokirjon qiziq toʻdasiga 20 dan ziyod qiziqchi uyushgan boʻlib, yuzga yaqin tanqid, muqallid, kulki-hikoyalar va latifalar namoyish etishgan. 20-asrning 1-yarmida Yusufjon qiziq Shakarjonov boshliq 50 ga yaqin qiziqchi Q. merosini saqlab, yangi sharoitlarda baholiqudrat ijod qilib, oʻz bilim va tajribalarini yosh ijrochilarga singdirib keldilar. 20-asrning 2-yarmida qiziqchilarning yangi avlodi maydonga keldi. Ular anʼanaviy teatr merosi, ijro madaniyatidan taʼsirlangan boʻlsalar-da, Q.ni milliy anʼanalarga tayangan va jahon kulgi ustalari ijodidan taʼsirlangan holda oʻz dasturlarini oʻzlari toʻqib, oʻzlari ijro etadilar. Bu tarixiy jarayon Zaynobiddin Yusupov, Muhiddin qiziq Darveshov, Joʻraxon Poʻlatov kabi qiziqchilar faoliyatidan boshlangan. Mustaqillik davrida Mirzobek Xolmetov, Obid Asomov va ular tuzgan Q. teatri shuhrat qozondi. Shuningdek, "Mirzo", "Obid-A", "Qahqaha", "Handalak" kabi Q. guruhlarining tanilishida televideniye muhim rol oʻynadi.

Ad. Qodirov M., Oʻzbek teatri tarixi, T., 2003.

Muhsin Qodirov.