Qiziltepa tongi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qiziltepa tongi
Formati Haftalik
Asos solingan 1935-yil
Bosh muharrir Rahim Maqsudov
Tili oʻzbekcha
Nashrning toʻxtatilishi
Narxi Yillik 94000 (2020)
Bosh ofisi Oʻzbekiston shoh koʻchasi 23-uy
Adadi 7600

Qiziltepa tongi — Navoiy viloyati Qiziltepa tumani ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hayotini aks ettiruvchi haftalik gazeta.

1935-yilning 9-fevralida Oʻzbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasining qarori bilan Qiziltepa tumani tashkil etilgach, shu yilning oʻzidayoq partiya qoʻmitasi va tuman ijroiya qoʻmitasi organi boʻlmish „Sovet paxtasi uchun“ nomli gazeta nashr etila boshlangan. Nomidan maʼlum boʻlganidek, asosiy mavzu paxta haqida boʻlgan, urgʻu sovet paxtasiga qaratilgan. Chunki oʻsha paytda Oʻzbekistonda paxta yakka hokimligi siyosati amalga oshirilmoqda edi.

XX asrning 50-yillariga qadar gazetada M.Rahimov, H.Shakarov, O.Yoqubov, J.Hojiyevlar muharrirlik qilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida gazeta chiqarilishi toʻxtatiladi. Urush tugagandan soʻng nashr ishlari qayta yoʻlga qoʻyiladi. 1962-yilga qadar Rauf Qodirov, Neʼmat Abdullayev, Bozor Yoʻldoshevlar muharrirlik qilgan. Qiziltepa tumani 1962-yilda Gʻijduvon tumani tarkibiga qoʻshilgan. Shu bilan „Sovet paxtasi uchun“ roʻznomasining nashr ishlari toʻxtab qolgan[1]. 1970-yil 7-dekabrda Qiziltepa tumani qayta tashkil etilgan. Shu paytdan boshlab tuman partiya qoʻmitasi va tuman ijroiya qoʻmitasi organi boʻlgan roʻznoma „Qizil tong“ nomi bilan bosmadan chiqadi. „Qizil tong“ga 1971-yildan 1977-yilgacha Murod Halilov, 1979-yildan 1989-yilgacha Rahim Maqsudov, 1990-yildan 1997-yilgacha Umid Sattorov, 1997-1998-yillarda esa Klara Bozorova muharrirlik qilgan. 1998-yildan muharrirlik yana Rahim Maqsudovga yuklatiladi[2].

1998-yilda gazeta nomini oʻzgartirishga oid takliflar ichidan „Qiziltepa tongi“ tanlab olingan[3]. Bugungi kunda tahririyatda Rahim Maqsudov, Bahodir Egamov, Aziz Saidov, Istam Hasanov, Fattoh Sattorov, Mansur Aslonov, Samad Daminov, Homid Azimov, Ozoda Maqsudova va boshqwalar faoliyat olib bormoqda. Bugungi kunda gazeta A-3 formatda, 9000 nusxada chop etilmoqda.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Р. Мақсудов, Қ.Ражабов. Қизилтепа тумани: кеча ва бугун. Sahhof 2021 — 374 bet. ISBN 978-9943-66-65-1-1. 
  2. „Navoiy viloyatidagi bosma nashrlar muharrirlari Qiziltepa gazetasi tahririyatida“ (2021-yil 27-noyabr). Qaraldi: 24-iyul 2023-yil.
  3. „“Қизилтепа тонги” газетаси таҳририяти“. 2023-yil 24-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 24-iyul 2023-yil.