Qizil volchanka

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qizil yugurik- etiologiyasi noaniq boʻlgan, patogenezi murakkab kasallik boʻlib, klinik alomatlarining hilma-hilligi bilan ajralib turadi. Ushbu kasallik ayollarda erkaklarga nisbatan koʻproq kuzatiladi, quyosh nurlariga sezuvchanligi oʻta yuqori boʻlib, toshmalar koʻpincha terining quyosh nuridan himoya qilinmagan ochiq joylarida uchraydi. Kasallikni birinchi marotaba P. Rayer 1827-yili “flux sebace” nomi bilan bayon qilgan. 1851-yili A. Cazenave “qizil yugurik” iborasi bilan atashni taklif qildi. Koʻpchilik olimlar bu nomni kasallikni toʻgʻri ifoda etaolmaydi deb hisoblaydilar, shuning uchun A.I. Kartamishev (1952) va Yu.K. Skripkin (1972) bu kasallikni “eritematoz” deb atashni taklif qilganlar. 1972-yili M. Kaposi, bu kasallikning ogʻir kechuvchi, oʻtkir (sistemali) shaklini bayon qildi, natijada kasallik jarayoni kechishi boʻyicha ikki xil tipda – oʻtkir va surunkali ekanligi ma’lum boʻldi. Kasallik barcha mamlakatlarda uchraydi, umumiy teri kasalliklarining 1,5-1,8% ni tashkil qiladi, ammo oxirgi paytlarda kasallikning, ayniqsa uning oʻtkir shaklining koʻpayishi kuzatilmoqda. Rossiyaning ayrim hududlarida sistemali qizil yugurik kasalligi 100000 aholiga 7,5 bemor nisbatida uchrasa (Lesik O.M.,1992), AQShda 500 ayoldan 1 tasi va 5000 erkakdan 1 tasi qizil yugurikka chalingan (D.L. Tuffanelli, 1981). Hozirgi kunga qadar kasallikning etiologiyasi va patogenezi noaniqligicha qolmoqda. Dastlabki paytlarda olgʻa surilgan, streptokokk, sil tayoqchasi, stafilokokk kabi mikroorganizmlar tomonidan chaqiriladi degan qarashlar hozirgi kunda faqat tarixiy ma’lumot sifatidagina inobatga olinadi. Keyincha, M. Favre 1935-yili dermatologlarning 9- Halqaro kongressida qizil yugurikning viruslar tomonidan chaqirilishi konsepsiyasini olgʻa surdi.




Yoqubova M.A., Muhammadjonova L.A. “KOLLAGENOZLAR” (Tibbiyot oliy oʻquv yurtlari davolash, tibbiy pedagogika, pediatriya va stomatologiya fakultetlari 4-kurs talabalari uchun oʻquv qoʻllanma) Andijon – 2018, 102 b.