Qizil qalam

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"QIZIL QALAM" — adabiy jamiyat. 1926 yil avg .da Samarqandda Shokir Sulaymon raisligida tashkil etilgan. Jamiyat faoliyatida Otajon Hoshim, Botu, Ziyo Said, Sotti Husayn, Oltoy, Anqaboy, shuningdek, Uygʻun, Hamyd Olimjon, Mirtemir, Oydin ishtirok etishgan. Oʻsha yilning oxirida jamiyatning Fargʻona va Namangan viloyat boʻlimlari ochilgan. Jamiyatning asosiy maqsadi Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy singari "keksa" avlod vakillaridan farqli oʻlaroq, Oʻzbekistonda barpo etilayotgan yangi tuzumga xayrixoh ijodkor yoshlarni oʻz atrofiga toʻplash va ularni tarbiyalash boʻlgan. "Qizil qalam" majmuasining 1-kitobi (1928) nashr etilgandan soʻng jamiyatining katta va yosh aʼzolari oʻrtasida ixtilof paydo boʻlgan. Natijada 1929 yilda jamiyatning boshqaruv organi qayta koʻrilib, Ziyo Said unga rahbar etib tayinlangan va shu vaqtdan eʼtiboran "Alanga" jur. "Q.q" jamiyatining organi sifatida nashr etilgan. Shu yili mazkur majmuaning 2-kitobi ham bosilgan, Majmuaning har ikkala kitobida A. Samoylovichning "Navoiy toʻgʻrisida Yevropa olimlari", Choʻlponning tarjima, O. Hoshimning adabiy meros va jadid adabiyoti, Sh. Sulaymonning Hamzaning soʻnggi kunlari toʻgʻrisidagi va boshqalar maqolalar chop etilgan. Jamiyat Ozarbayjon va Tataristondagi "Qizil qalam" jamiyatlari hamda VAPP (Butun Rossiya proletar yozuvchilari uyushmasi) bilan ijodiy aloqada boʻlgan. 1930 yilda Botu, Ramziy (Mannon Romiz) va Oltoyning qamoqqa olinishi bilan jamiyat tarqalib ketgan.