Qiyosiy psixologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Qiyosiy psixologiya — psixologiya sohasi. Psixikaning filogenetik (kelib chiqish), ontogenetik (inson umriga oid) holatlar va ularning shakllarini tadqiq qiladi. Qiyosiy psixologiyada hayvonlar psixologiyasi odamlarniki bilan qiyoslanadi, ularning xulq-atvoridagi oʻxshashliklar va tafovutlarning sabablari tekshiriladi, harakatlantiruvchi biologik va tabiiy kuchlar, ijtimoiy muhitdagi taʼsir oʻtkazuvchi vositalar, omillar aniqlanadi. Zoopsixologiya Qiyosiy psixologiyaning asosiy boʻlimi (tarkibiy qismi)dan iborat boʻlib, u turli guruhlarga, turlarga mansub hayvonlar, jonivorlar psixikasini, ularning xattiharakatlarini oʻrganadi. Etologiya — biologik va psixologik jabhalar qorishmasidan iborat boʻlib, hayvonlarning xattiharakatidagi tugʻma (irsiy) alomatlar, mexanizmlar insonniki bilan umumiy negizga ega ekanligini oʻrganuvchi soha. Qiyosiy psixologiya insonda ongning vujudga kelishi bilan bogʻliq boʻlgan psixologik muammolarni qamrab oladi. Shuningdek, u inson xattiharakatining biologik, ijtimoiy, turmushda orttirilgan jabhalarini tadqiq etuvchi psixologiya tarmogʻi. Insonda mehnat faoliyatining vujudga kelishi va takomillashuvi, kishilik jamiyatining rivojlanishi, odamlar orasida oʻzaro munosabat vositasi sifatida nutqning paydo boʻlishi ijtimoiypsixologik omillar, shartsharoitlar turkumini tashkil qiladi. Insonda ongning paydo boʻlishi, rivojlanishi va oʻzini oʻzi anglashini aniqlovchi psixologik omillarni hisobga olish, bola kamoloti toʻgʻrisidagi qonuniyatlarga asoslanish qiyosiy tahlilning mahsulidir.