Qavvali

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qavvali (arab. qavval — notiq, baxshi soʻzidan) — Pokiston, Shimoliy Hindiston, Bangladesh, shuningdek, Eron va baʼzi arab mamlakatlarining ayrim vohalarida keng tarqalgan mumtoz musiqa janri. "Qavl" atamasi dastlab keng tarqalgan ashula shakllaridan birini anglatgan. Keyinchalik (taxminan 14-asrdan boshlab) Shimoliy Hindiston hududi (Gʻuriylar davlati, Dehli sultonligi)s.a musulmon dini tarqalishi hamda Oʻrta Osiyo badiiy anʼanalarining taʼsiri natijasida Q. diniy marosimlar bilan bogʻliq holda rivojlanib kelgan, darvishlarning samolarida ham qoʻllanilgan. Oʻrta asr risolalarida Q. janri tahlil etilgan ("Dar juvoze samaʼ", Abu Jalil Bin Abdurahmon, 1650 va boshqalar), Q.ning ilk mohir ijrochisi va ijodkori sifatida Xusrav Dehlaviy koʻrsatilgan ("Nagʻmai Ushshoq", Muhammad Nurasad Chishtiy, 1834 va boshqalar).

Q. metr va ritm hamda raga bilan bogʻliq lad asoslarining rivojlanganligi, ijro uslubi murakkabligi, shakli mukammalligi bilan ajralib turadi. Q, asosan, ikkita yetakchi (kuchli, keng diapazonli, chuqur nafasli ovozga ega) xonanda, bir necha (odatda, 5—6) joʻrnavoz xonanda, setor, sarangi, tanpura, fisgarmoniya va tabla kabi cholgʻulardan tuzilgan sozandalar guruhi tomonidan turkum shaklida ijro etiladi. Q. kichikroq, asosiy parda tuzilmasi va asar kayfiyatini ifodalovchi cholgʻuvokal muqaddima bilan boshlanib, murakkab uslubidagi asosiy qism bilan davom ettiriladi. Unda yakkaxon xonandaning badihalaridan keyin butun jamoa ijro etayotgan naqarot qismlari keladi. Joʻrnavoz xonandalarning naqarot qismlarida qarsak chalib turishi, surʼatning tobora tezlashishi Q.ga xos boʻlgan xususiyatlardan. 2asosiy qism toʻla guruh tomonidan ijro etilib, aniq usul va muayyan sheʼriy matn (Xusrav Dehlaviy, Kabir, Tulsi Das, Mirza Gʻolib va boshqalarning muhabbat, vatanparvarlik va diniy mavzudagi qasida, ruboiy va gʻazal)larga asoslanadi. Q. hozirda diniy marosimlar bilan birga konsert dasturlari, kino musiqasidan ham keng oʻrin olgan.

Muhiddin Nosirov.