Qarshi qamali

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Qarshi qamali (1512 yil) — safaviylar qoʻshini va Bobur lashkarlari tomonidan shaharni qamal qilinishi. Safaviylar qoʻshiniga shoh Ismoil I, vaziri amir Najmi Soniy qoʻmondonlik qilgan. Bobur shayboniylarga qarshi turishga ojizlik qilgach, Ismoil I dan koʻmak soʻragan va bu qoʻshin (60 ming kishi) bilan yurtiga qaytgan (1512 yil sentyabrokt.). Qarshi hokimi Shayxim mirzo (Ubaydullaxonning togʻasi) shaharni qattiq himoya qilgan. Bundan gʻazablangan shia lashkarboshisi Najmi Soniy shahar qoʻlga olinsa qatli om etishga qaror qiladi. Tarixchilarning yozishicha, Bobur va hatto qizilboshlilar amirlari ham shahar ichida hazrat Ali avlodiga mansub sayyidlar borligini aytib Najmi Soniydan qatli om oʻtkazmaslikni iltimos qilishlariga qaramasdan Qarshi egallangach, 15 ming kishi qilichdan oʻtkazilgan (shoir Binoiy ham shu qirgʻinda halok boʻlgan). Movarounnahr aholisi bundan gʻazablanib qizilboshlilar qoʻshiniga qarshi oyoqqa turgan. Gʻijduvon jangida (1512 yil 12 noyabr)gi magʻlubiyatdan soʻng qizilboshlilar qoʻshini Movarounnahrni tark etgan.