Prototip
Prototip (proto ... va tip) — badiiy obraz (tip)ga asos boʻlgan real shaxs. Avtobiografik va memuar asarlarda, lirika va hujjatli nasrda, shuningdek, portret sanʼati va haykaltaroshlikda boshqa janrlardagiga nisbatan kengroq foydalaniladi. Oshkora shartlilikka asoslangan fantastika, romantizm va boshqa uslublarga Karaganda hayotda P. sanʼatkorga voqelikni badiiy oʻzlashtirish uchun hayotiy material boʻlib xizmat qiladi. Badiiy asar qahramoni bir yoki bir necha P.li boʻlishi mumkin. P. bilan badiiy obraz orasidagi farq har xil. Bu, asar janri va yoʻnalishi, muallifning individualligi bilan bogʻliq. Romantik asarlarda muallif koʻproq badiiy toʻqimaga erk berib, P. xayotiga oid faktlarni yo keskin kamaytiradi yoki jiddiy oʻzgartiradi (Abdulla Qodiriy "Oʻtgan kunlar" va boshqalar). Hujjatli nasrda esa, aksincha, obraz p.ga eng yuqori darajada yaqinlashtirilib, muallif hayotiy shaxsga oid asoslardan koʻp uzoqlashmaydi, ayrim hollarda, hatto joy va qahramon nomlarini ham aslidagiday saqlaydi (B. Polevoyning "Chin inson qissasi", N. Safarovning "Uzoqni koʻzlagan qiz" asari va boshqalar). Bunday hollarda P. haqida gapirishning oʻzi shartlidir. Ammo har ikki holatda ham badiiy obraz P.ga nisbatan ancha keng va sermaʼno boʻladi. Chunki muallif P. hayoti va harakteriga oid fakt va xususiyatlarni hayotdagi boshqa shunday kishi (yoki P.)lar harakteri va turmushidagi faktlar bilan, shuningdek, oʻz qarashlari va ideallari bilan ham boyitadi. P.li obrazda ham muallif hayot hodisalarini tipiklashtirish va umumlashtirishda badiiy toʻqimadan foydalanadi. Bu esa unga hayotda oʻzi koʻrgan bilgan voqea hodisalardan, real shaxs (P.)lar hayoti faktlaridan samarali foydalanib, haqqoniy va toʻlaqonli badiiy obrazlar yaratish imkonini beradi. Badiiy obraz P.lari tadqiqotchilarni sanʼatkor ijodxonasi va asarning yaratilishi tarixi bilan qiziqtiradi. Bu ish tadqiqotchidan oʻziga xos nazorat talab etadi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |