Polimerlanish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Polimerlanish — quyi molekulali modda (monomer)larning kovalent bogʻ orqali birikib, yuqori molekulali birikma (makromolekula)lar hosil qilish jarayoni. Makromolekulaning elementar tarkibi (uning chek-ka guruhini nazarga olmaganda) monomerning tarkibidan farq qilmaydi. P.ning polikondensatlanishdan mu-him farqi ham ana shunda.

Makromolekulada initsiatorlar ishtirokida faol markaz (•) hosil qilish P.ning asosiy bosqichi hisoblanadi. Bu markaz reaksiyaning oʻsishini boshlab yuboradi va monomer molekulasini faol markazga qoʻshadi. Agar bu markaz turgʻun (uzoq vaqt mavjud boʻluvchi) boʻlsa, P. bosqichsimon deyiladi. Agar oraliq mahsulot turgʻun boʻlmasa (qisqa vaqt mavjud boʻla olsa), P. zanjirsimon deyiladi. P.da qatnashuvchi faol markazlar tabiatiga koʻra, P. radikalli va ionli boʻladi. P.da bir vaqtda 2 yoki undan ortik, turli monomerlar qatnashishi mumkin.

Radikalli P. faqat zanjirli mexanizm boʻyicha boradi. Erkin radikallar oraliq faol mahsulotlarning funksiyasini oʻtaydi. Etilen, vinil-xlorid, vinilatsetat, vinilidenxlorid, ftoretilen, akrilonitril, me-takrilonitril, metilakrilat, metil-metakrilat, stirol, butadiyen, xlorop-ren va boshqa radikalli P.ga kirishadigan monomerlarga mansubdir. Radikalli P.ni xona harorati va quyi temperaturalarda amalga oshirish uchun oksidlanishqaytarilish initsiatorlashdan foydalaniladi. Lab. amaliyotida fotokimyoviy initsiatorlash qoʻllanadi. Radikalli P.ni u-nurlari, tezkor elektronlar, x-zarrachalar, neytronlar va h.k. taʼsirida hosil qilish ham mumkin. Bu usuldagi initsiatorlash radi -atsion kimyoviy initsiatorlash deyiladi.

Radikalli P.da zanjir uzatilish re-aksiyasining ahamiyati muhim. Buning mohiyati shundaki, oʻsuvchi radikal biror molekula (zanjir uzatuvchi molekula)ning atomi yoki bir guruh atomini uzib oladi. Natijada oʻsuvchi radikal toʻyingan valentli molekulaga aylanib, kinetik zanjirni davom ettirishga moyil yangi radikal hosil qiladi.

Ionli P.da oraliq faol mahsulotlar ionlar, ionlar jufti yoki qutblangan komplekslardan iborat. Ionli P. zanjirli mexanizm boʻyicha ham, bosqichli mexanizm boʻyicha ham borishi mumkin. Zanjirsimon ionli P. kationli va anionli P.ga boʻlinadi. Kationli P.da oʻsuvchi zanjir uchidagi reaksiya ga kirishuvchi ionlar musbat zaryadli boʻladi. Izobutilen, propilen, metilstirol, vinilalkil efirlar, izopren va h.k. monomerlar kationli P.ga oson kirishadi. Kationli P.ni past temperaturada amalga oshirishda katali-zatorlar bilan komplekslar hosil qiluvchi sokatalizatorlar (suv, proton kislotalar, spirtlar, galogenalkillar, efirlar va h.k.) ishlatiladi.

Sianid viniliden, nitroetilen, akrilonitril, metakrilonitril, akril va metakril efirlar va h.k. anionli P.ga oson kirishadi. Koordinatsion-ionli P. olinayotgan mahsulotlarning xossalarini aniq tekshirishga imkon beradi. Butun dunyoda ishlab chikariladigan polimerlarning 3/4 ga yaqin qismi P. jarayoni asosida olinadi.

Adabiyot[tahrir]

  • Asqarov M. A., Jalilov A. T., Rashidova S. Sh., Trubitsina S. N ., Regulirovaniye protsessa radikalnoy polimerizatsii, T., 1975; Ismoilov I. I., Rafikov A. S, Donorno-ak-septorniy mexanizm polimerizatsii, T., 2003.

Isroil Ismoilov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil