Kontent qismiga oʻtish

Paleoosiyo tillari

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Paleoosiyo tillari, paleosibir tillari — genetik jihatdan oʻzaro bogʻliq boʻlmagan chukcha-kamchatka tillari (chukcha, koryak, alyutor, kerek, itelmen), eskimosaleut tillari (eskimos, aleut), yenisey tillari (ket, sim — jonli tillar; kott, arin, pum-pokol, assan — oʻlik tillar), yukagir-chuvan tillari (yukagir — jonli, chuvan — oʻlik) va alohida nivx tilini birlashtiruvchi, shartli belgilangan til oilasi.

Mazkur tillarning mushtarakligi, umumiyligi haqidagi faraziya XIX asr oʻrtalarida rus olimi L. I. Shrenk tomonidan ilgari surilgan. Bu faraziyaga muvofiq, tegishli sibirlik elatlar Sibir tub aholisining avlodlaridir. Pekin ushbu fikr Paleoosiyo tillarining genetik qarindoshligini belgilay olmaydi, shu sababli „Paleoosiyo tillari“ termini shartli nom sifatida saqlanib qolgan.

Paleoosiyo tillarining tashqi genetik aloqalari, bir qator faraziyalar mavjud boʻlsa-da, hanuzgacha aniqlanmay qolmoqda. Bu tillarning tipologik tavsifi turlicha boʻlsa ham, ayrim oilalar oʻrtasida struktur-tipologik oʻxshashlik belgilari kuzatiladi. Paleoosiyo tillari agglyutinativ tillardir: baʼzilarida suffiksal, baʼzilarida suffiksal-prefiksal agglyutinatsiya mavjud. Leksikada turmushdagi narsa-buyumlarning nomlari, kasb-hunar, xoʻjalik faoliyatini aks ettiruvchi soʻzlar koʻp; rus tilidan oʻzlashgan soʻzlar ham anchagina.

Paleoosiyo tillari haqidagi koʻplab maʼlumotlar XVIII asrda turli olimlar va missionerlar tomonidan toʻplangan; bu tillarni ilmiy oʻrganish XIX asrda rus va gʻarbiy yevropalik olimlarning asarlari bilan boshlangan. Ushbu tadqiqotlar va keyinchalik amerikalik, kanadalik va yaponiyalik olimlarning bu sohadagi izlanishlari nafaqat tilshunoslik uchun, balki Yevrosiyo va Shimoliy Amerika tarixida kadimdan davom etib kelayotgan murakkab etnolingvistik jarayonlarni tushuntirishga intilayotgan boshqa fanlar uchun ham katta qiziqish uygʻotadi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil