Ozod Buxoro gazetasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ozod Buxoro
Formati Haftalik gazeta
Kimga tegishli BXSR Markaziy Ijroiya qoʻmitasi
Asos solingan 1923-yil oktyabr
Bosh muharrir Qosim Sorokin
Abbos Aliyev
Tili Oʻzbekcha
Nashrning toʻxtatilishi 1930-yil oktyabr

Ozod Buxoro gazetasi — Buxoroda 1923—1930-yillarida oʻzbek tilida chiqqan gazeta[1].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Buxoro axbori“ gazetasi oʻrniga 1923-yil oktyabr oyi oʻrtalaridan boshlab „Ozod Buxoro“ gazetasi chop etilgan. Yangi gazeta haqidagi rasmiy xabar „Buxoro axbori“ning 211-soni (1923-yil 7-oktyabr)dayoq „Oʻquvchilar diqqatiga!“ nomli eʼlon ostida maʼlum qilingan. „Ozod Buxoro“ gazetasi Qosim Sorokin bosh muharrirlik faoliyatini davom ettirib, gazetaning poliagrafiya bazasini kengaytirish, iqtisod shoʻrosining yordamida matbuot ishlariga mablagʻ ajratib, musulmon shrifti, nashr ishlari uchun asbob-uskuna va turli ashyolar olishga erishgan. Gazeta biroz oʻzining moddiy ahvolini yaxshilash maqsadida xoʻjalik hisobiga oʻtib, masʼul idora va korxonalar maʼlumotlari (eʼlonlar, bildirishlar, buyruqlar, farmonlar va hokazo) kabilarni gazeta sahifalarida toʻlov evaziga chop etib borgan. Bu haqda quyidagi bildirishnoma gazetaning bir necha sonlarida ham qayta-qayta berib borilgan: „Ozod Buxoro gazetasi qisman boʻlsa ham xoʻjalik asosiga koʻchdi. Bundan keyin hech bir eʼlon va buyruqlar gazetaga bepul bosilmas“ . „Ozod Buxoro“ning bir qator sonlari orqali ushbu matbuot nashrining viloyatlardagi muxbirlari tarkibini aniqlashga erishilgan. Jumladan, Xabibullaev, Nuriddinov (Karmana viloyati muxbirlari), Islom Sharif (Sharqiy Buxoro hududlari boʻyicha muxbir), „Qoʻy boqar“, Gʻani (Karki viloyati muxbirlari), Sheroz (Lenin-turkman (Chorjoʻy) viloyati muxbiri), „Ajnabiy“ (Shahrisabz viloyati muxbiri), Ismatiy (Gʻuzor viloyati muxbiri), A.Safarov (Boysun viloyati muxbiri), Ergash (Behbudiy (Qarshi) viloyati muxbiri) kabilarni qayd qilish mumkin. Muxbirlar tarkibi bilan tanishish shuni koʻrsatdiki, ayrim gazeta xodimlarining taxalluslari berilib, asl ism-shariflarini aniqlash imkoni boʻlmagan Chunki „Ozod Buxoro“da eʼlon qilingan turli viloyatlardan yuborilgan maqola va xabarlar ostida ushbu taxalluslar qayta-qayta beriladi. „Ozod Buxoro“ gazetasida 1923-yilning oxiri va 1924-yil boshlarida kommunistik mafkura taʼsirida yangi ruknlar ochilgan. Shunday ruknlardan „Bosmachilikning soʻnggi kunlari“, „Bosmachilikka qarshi kurash“, „Bosmachilarga qarshi tadbirlar“, „Ikki haftalik“ (maorif ikki haftaligi, ushr ikki haftaligi va hokazo), „Xotin-qizlar oʻrtasida“, „Kommunist yoshlar hayotidan“ kabilarni sanab oʻtish mumkin[2]. Ayniqsa gazetaning har bir sonida bosmachilik toʻgʻrisidagi maqolalarning berib borilishi bu fikrlarning dalilidir.

„Ozod Buxoro“ gazetasining 1924-yil 2-sentyabrda nashr etilgan 135-sonida "Buxoro inqilobi"ning ahamiyati boʻrttirib koʻrsatilgan. Gazetaning ilk sonidan boshlab deyarli barcha nashrlarida „Fan va texnika“ rukni bilan ilm-fan va madaniyat yangiliklarini targʻib qiluvchi kashfiyotlar haqida maʼlumotlar berib borilgan.

Gazetaning ayrim sonlarida „Siyosiy hangoma“ rukni ostida hukumatning mahalliy xalq orasidan yetishib chiqqan halol va taraqqiyparvar ayrim rahbarlar va ziyolilar vakillari hajviy tanqid ostiga olingan.

„Ozod Buxoro“ roʻznomasi Buxoro Xalq Sovet Respublikasi sodir boʻlayotgan yirik ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy muammolar va ularning yechimlari haqida maqola va xabarlar bosish oʻrniga kichik ijtimoiy muammolar: oʻgʻrilik, ichkilikka berilgan kishilar, kichik talafotlar, baʼzi giyohvand odamlar kabi maqolalarni ham chop etgan. Bu gazeta oʻquvchilarining qiziqishini kamaytirgan.

Gazeta sahifalarida BXSRdagi matbuotning holati, matbaachilik ishi, jurnal hamda gazetalar nashr ettirish, matbuot bilan bogʻliq koʻngilsizliklar haqida ham xabarlar bosilib turgan. „Ozod Buxoro“ gazetasida „Buxoro axbori“ gazetasiga qaraganda viloyat muxbirlarining oʻrni katta boʻlgan. Ularning gazetaga yoʻllagan baʼzi maqolalarida hududlarda yuz berayotgan voqealar tafsiloti xolisona yoritilgani bilan ajralib turadi. Baʼzi mavzularga oid munozaralar gazetaning bir necha sonlarida davom ettirilgan. Roʻznoma har oyda kamida 4-6 martadan nashr qilingan. Yaʼni haftasiga bitta gazeta bosmadan chiqqan. Gazetaning nashr soni yildan-yilga oʻsib boradi. „Ozod Buxoro“ gazetasiga Qosim Sorokin, Abbos Aliyev kabi muharrirlar bosh boʻlgan. Bundan tashqari „Buxoro axbori“ gazetasi bilan qoʻshib hisoblaganda ikkala gazetada 90 kishidan ortiq muxbirlar va mualliflar oʻz maqolalari bilan qatnashganlar.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Inoyatov S, Rajabov Q. Buxoro tarixi. Toshkent: Tafakkur, 2015 — 460 bet. 
  2. Rahmonov K. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tarixi matbuot sahifalarida. Toshkent: „ABU MATBUOT — KONSALT“, 2012 — 175 bet.