Oy tutilishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oy tutilishiOy sathiga Yer soyasi tushganda yuz beradigan hodisa. Bu hodisa Quyosh, Yer va Oyning bir-birlariga nisbatan egallagan vaziyatlariga bogʻliq. Oy Yerdagi kuzatuvchiga nisbatan Quyoshga qarama-qarshi tomonda (yaʼni toʻlinoy paytiga yaqin) boʻlsa — Oy tutilishi, Quyosh tomonda (yangi oy paytiga yaqin) boʻlsa, Quyosh tutilishi yuz beradi. Oy bilan Quyoshning koʻrinma diametri taxminan barobar. Oy Yerdan eng uzoqlashganda 29’30", Yerga eng yaqinlashganda 33’ 30" burchak ostida koʻrinadi. Yer Quyoshdan eng uzoqlashganda Quyosh gardishi ZG 20", Quyoshga eng yaqinlashganda esa 32’ 30" burchak ostida koʻrinadi. Demak, Quyosh tutilishi paytida, tutilish markaziy boʻlsa, Quyosh diskini Oy toʻla toʻsib qolishi mumkin.

Oy har 29,53 kunda Yer atrofini Quyoshga nisbatan toʻla bir marta aylanib, Quyosh va qarama-qarshi tomonda bir martadan boʻladi. Ammo Oyning orbita tekisligi Yerning Quyosh atrofida aylanishi orbita (ekliptika) tekisligi bilan ustma-ust tushmay, u bilan 5°, 09’ burchak tashkil etganligi sababli, Oy tutilishi har oyda yuz bermaydi. Oyning yangioy va toʻlinoy fazalari Yer hamda Quyoshni birlashtiruvchi toʻgʻri chiziqdan yuqorida yoki pastda sodir boʻladi. Oy orbitasining ekliptika tekisligi bilan kesishish nuqtalari chiqish va tushish tugunlari deyiladi. Ikki ketma-ket kelgan yangioy (yoki toʻlinoy) orasida oʻtgan vaqt 29,53 kun boʻlib, bu davrda Quyosh ekliptika boʻylab 29° ga siljiydi va Quyosh tugunlardan oʻtish paytida bir marta, baʼzan ikki marta Quyosh tutilishi yuz beradi. Oy tutilishi yuz bermasligi ham mumkin. Quyosh tutilishlari ketma-ket ikki marta tutilish chegaralarida roʻy bersa, Oy tutilishi kuzatilishi shart. Demak, tutilish hodisasi guruqli tarzda roʻy beradi. Guruhda eng kamida bitta Quyosh tutilishi, koʻpi bilan uchta Quyosh — Oy — Quyosh tutilishlari yuz beradi. Yiliga 4—5-marta Quyosh tutilishi, 2—3-marta Oy tutilishi roʻy beradi. Quyosh tutilishi va Oy tutilishi ketma-ketligi 18,6 yillik davr bilan takrorlanib turadi. Oy tutilishi Yerda Oy koʻrinib turgan barcha nuqtalarda kuzatiladi. Oyning toʻla tutilishi 2 soatcha davom etadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]