Kontent qismiga oʻtish

Osteomalyasiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Osteomalyasiya (yumshoqlik) — odam va hayvonlar (asosan, qoramollar) da uchraydigan moddalar almashinuvi kasalligi. Bunda moddalar almashinuvidan asosan mineral moddalar almashinuvi buzilib, koʻproq suyak toʻqimasi zararlanadi. Suyaklar yumshab qoladi, egiluvchanligi oshadi va deformatsiyalanadi. Kasallikda suyak toʻqimalarida ishqoriy fosfatazalar faolligi oshib, vitamin D metabolizmining hosil boʻlishi toʻxtab qoladi va bu skelet suyaklarida qayta qurilish roʻy berishiga olib keladi. Ayollarda, ayniqsa, homiladorlik davrida kuzatiladi. Bemorga vitaminlarga boy ovqatlar buyuriladi. Hayvonlarda ozuqa ratsionida kalsiy, fosfor tuzlari, vitamin D yetishmasligi, oftobdan bahra oldirmaslik, yosh davrida qochirish osteomalyasiyaga sabab boʻladi. Belgilari odam va hayvonlarda boʻshashish, koʻp yotish, qaltirash, suyaklari yumshab moʻrtlashishi, chanoq, oyoq suyaklari qiyshishi, tishi qimirlashi, ishtahasi boʻgʻilishi, suyak va boʻgʻimlari ogʻrishi kuzatiladi.

Odamlar uchun vitaminlarga, mineral moddalarga boy ovqatlar va hayvonlarga yem-xashak beriladi. Ratsionga suyak uni, fosforin, monokalsiy fosfat, bor, osh tuzi, baliq moyi kerakli miqdorda qoʻshiladi. Hayvonga sunʼiy ultrabinafsha nur tushiriladi. Kasallikning oldini olish uchun hayvonlarni toʻyimli va sifatli yem-xashak bilan boqish kerak[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil