Oraliq ekinlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oraliq ekinlar — almashlab ekish tizimidagi asosiy ekinlar hosili yigʻib olingandan keyin ekiladigan qoʻshimcha ekinlar. Intensiv almashlab ekishda bir yilda 2 —3 marta hosil olish imkonini beradi, tuproqni ero-ziyadan asraydi. Oʻrta Osiyoning sugʻorma dehqonchilik mintaqalarida javdar, arpa, suli, noʻxat, shabdar, kuzgi indov, xantal, bersim va boshqalar Oraliq ekinlar hisoblanadi. Oraliq ekinlar bahorda koʻk ozuqa uchun oʻrib olinadi, oʻrniga asosiy ekin tariqasida makkajoʻxori, joʻxori, sudanoʻt va boshqa ekiladi. Oraliq ekinlarning zichlashgan ekin, aralash ekin, koʻkat oʻgʻit, qoʻshma ekin, kulis ekin, ikkinchi ekin deb ataluvchi turlari bor. Oraliq ekinlar tufayli har ga yerdan olinadigan mahsulot miqdori ortadi, tuproq unumdorligi oshadi.

Oʻzbekistonda Oraliq ekinlarni yetishtirish uchun nihoyatda qulay sharoit mavjud: kuz-qish-erta bahor mavsumlarida 1000 — 1500° issiqlik tushadi. Oraliq ekinlar yetishtirish uchun esa 540 —900° harorat talab etiladi. Shu davr ichida Oraliq ekinlar 1 ga yerda 300 —600 s koʻk massa hosili, bundan tashqari, 4 —6 tonna quruq holdagi ildizpoya qoldigʻi toʻplaydi. Oʻzbekistonning sugʻorma dehqonchilik yerlarida Oraliq ekinlarni ekish hisobiga 2,7 —3,0 mln. t qoʻshimcha ozuqa birligi yetishtirish mumkin. Oraliq ekinlar ikki mavsumda — birinchisi avg .da, ikkinchisi okt.da ekiladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil