Optimetr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Optimetr (yun. optos — koʻrinuvchi va ... metr) — chiziqli oʻlchamlarni oʻlchaydigan asbob; richagli-optik mexanizm yordamida nisbiy usulda oʻlchaydi. Mexanizmda richagli uzatgich sifatida tebranma koʻzgu, optik oʻzgartirgich sifatida avtokollimatsion (fokusdan chiqqan yorugʻlik nurini avtomatik tarzda yana fokusga qaytaruvchi) naycha qoʻllaniladi. Birinchi marta (1837-yil) nemis muhandisi N. Sakston oʻlchash asboblarida tebranuvchi koʻzgudan foydalangan. 1925-yil Germaniyada avtokollimatsion kuzatish trubasi va tebranuvchi koʻzgudan foydalanib O. tayyorlangan. Keyinchalik bunday asbob ancha takomillashtirilgan. O.ning vertikal va gorizontal xillari bor. Kuzatish trubasida oʻlchash natijasi okulyar yoki proyeksion usulda hisobga olinadi. O. trubasining shkalasi 1 mkm li boʻlinmalarga boʻlingan, shkala boʻyicha oʻlchash chegarasi ± 100 mkm. Boʻlinmalarning qiymati 0,2 mkm, oʻlchash chegarasi 25 mkm boʻlgan O. Ultraoptimetr deyiladi. O. kalibr, yassi-parallel plitalar va boshqalarning chiziqli oʻlchamlarini oʻlchashda ishlatiladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil