Omonimlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Omonimlar (omo ... va yun. oputa — nom, ism) — umumiy maʼno unsurlariga ega boʻlmagan, tasavvuriy bogʻlanmagan, lekin bir xil yozilib, bir xil aytiladigan soʻzlar; ular orasida semantik aloqa boʻlmaydi. Ana shunday soʻzlarning tilda mavjud boʻlishi va shunga bogʻliq hodisalar omonimiya deyiladi. O.ning lugʻaviy va grammatik koʻrinishlari farqlanadi.

O.ning tilda paydo boʻlish sabablari turlichadir: avvallari har xil aytilib, bir xil eshitiladigan soʻzlar talaffuzining tarixiy jarayonda tovush almashinishi yoki talaffuz oʻzgarishi natijasida bir-biriga mos kelib qolishi; (ot — ism, ot — hayvon; oʻt — olov, oʻt — oʻsimlik) boshqa tillardan oʻzlashgan soʻzlarning talaffuz va yozilish jihatidan ona tilidagi soʻzlarga mos kelib qolishi (turbosqich; tur-xil, nav); tilda mavjud boʻlgan koʻp maʼnoli soʻz maʼnolarining bir-biridan uzoqlashishi (dam — nafas; dam — hordiq; dam — bosqon) va boshqa O. bir yoki bir necha soʻz turkumi doirasida boʻlishi mumkin: bir soʻz turkumi doirasida omonimik uya tashkil etuvchi, yozilishi va talaffuzi aynan bir xil boʻlgan soʻzlar toʻliq yoki mutlaq O. deyiladi (chang — gʻubor, toʻzon; chang — cholgʻu asbobi); faqat ayrim shakllardagina mos keladigan, boshqa-boshqa turkumlariga mansub soʻzlar notulik O., boshqacha aytganda, omoshakllar deyiladi, qoʻy (hayvon) — qoʻy (feʼlning buyruq shakli).

O. bilan bir qatorda tilda ularning alohida turlari sifatida omograflar (bir xil yoziladigan, lekin urgʻu va talaffuz bilan farqlanadigan soʻzlar: olma—olma, tom (uy tomi) — tom (kitob tomi) va boshqa hamda omofonlar (bir xil talaffuz qilinadigan, lekin yozilishida farq qiladigan soʻzlar: yetti (son) — yetdi (feʼl); yot (begona) — yod (xotira) va boshqa Omonimiyaning mazkur barcha koʻrinishlariga mansub soʻzlar maʼnosi asosan matn orqali bilinadi.

O. mumtoz adabiyotda tajnis sanʼati va tuyuq janrini yaratishda, askiya payrovlarida esa soʻz oʻyini va qochiriqsifatida ishlatiladi. Soʻz ustalari, ayniqsa, shoirlar (Xorazmiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Soʻfi Olloyor, Habibiy va boshqalar) poetik taʼsirchanlikni oshirishda O. dan mahorat bilan foydalanganlar. Xorazmiyning:Buyung sarvu sanubartek, beling-qil, Vafo qilgan kishilarga vafo qil bayti yoki Alisher Navoiyning:Olmani sundi nigorim — ol, —dedi, Olma birla bu koʻngilni ol, — dedi, Soʻrdim ersa olmasining rangini, Ne soʻrarsan? — olma rangi ol, dedi.tuyugʻi buning yorqin isbotidir. Dastlabki baytda qil soʻzi 2 maʼnoda (qilga oʻxshash ingichka; qilmoq feʼlning oʻzagi) ishlatilgan boʻlsa, tuyukda ol soʻzi 3 maʼnoda ishlatilgan (buyruq feʼli; koʻngil ovlamoq; qizil rang , ol rang). Abduvahob Madvapiyev, Bozorboy Oʻrinboyev.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil