Oltiariq sanatoriysi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"OLTIARIQ" SANATORIYSI - balneologik kurort. Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida, Fargʻona shahridan 50 km, tuman markazidan 9 km uzoklikda. Maydoni 33 ga, iklimi quruq, sershamol. Yillik oʻrtacha temperatura 13°, iyulda 26—28°, yanvarning oʻrtacha temperaturasi —2°. 1954-yilda Markaziy Fargʻona choʻlini oʻzlashtiruvchilar uchun ichimlik suv qidirib chuqur quduq parmalanganida issiq mineral suv otilib chiqqan. Shu joyga vannaxonalar qurilib, choʻlquvarlar davolanadigan balneologiya kasalxonasi tashkil etilgan. 1976-yil sanatoriy qurishga kirishilgan va 1979-yil 9-mayda sanatoriy rasmiy ravishda ochilib, urush va mehnat faxriylarini davolay boshlagan, keyinchalik tayanchharakat aʼzolari, nerv sistemasi, ovqat hazm qilish aʼzolari kasalliklari, qandli diabetning insulinga muxtoj boʻlmagan xili bilan ogʻriganlar davolanadigan maskanga aylantirilgan. Sanatoriy yaxshi koʻkalamzorlashtirilgan. "Oltiariq sanatoriysida 1756 m chuqurlikdan 41° issiqlikdagi tiniq, chuchuk, mayin mineral suv chiqib turadi. Uning tarkibida litiy, kaliy, natriy, magniy, kalsiy, stronsiy, kobalt, nikel, qoʻrgʻo-shin, rux, ftor, xlor kabi kimyoviy elementlar, shuningdek, karbonat-gidrokarbonat, kremniy kislotasi va boshqa bor.

Mineral suvdan, asosan, vannalar uchun, meʼdani yuvish, ichaklarni chayish, tyubaj, dush (aylanma va koʻtarilma), suv osti massaji qilish usullaridan foydalaniladi. Bundan tashqari, fizioterapiya, davo fizkulturasi, massaj, issiq (parafin va ozokerit) bilan davolash usullari ham qoʻllanadi.

300 oʻringa moʻljallangan yotoq korpusi, yozgi va qishki klub, kutubxona, sport maydonchalari, choyxonalar mavjud.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil