Oliy va oʻrta maxsus maktab muammolari instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oliy va oʻrta maxsus maktab muammolari instituti -Oʻzbekiston Respublikasida oliy va oʻrta maxsus taʼlimni takomillashtirish va rivojlantirishning dolzarb muammolarini hal qiluvchi ilmiy-metodik markaz. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 1995 yil Toshkent shahrida tashkil etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qaramogʻida.

Institut oʻz faoliyatini Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi rahbarligida Fan va texnologiyalar markazi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, taʼlim muassasalariga ega boʻlgan boshqa tarmoq vazirlik va idoralari, oliy taʼlim muassasalari, ilmiy muassasa va ishlab chiqarish korxonalari bilan uzviy hamkorlikda amalga oshiradi. Institutda 3 ilmiy-metodik boshqarma (oliy taʼlim normativlari va standartlari; ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar; malaka oshirish, ped. va axborot texnologiyalari), 11 boʻlim (kasbiy ilmiy-metodik taʼminoti; magistraturaning ilmiy-metodik taʼminoti; taʼlim, fan va ishlab chiqarishni institutegratsiyalash; iqtisodiyot taʼlimi; maʼnaviyat va maʼrifat; isteʼdodli yoshlar bilan ishlashning ilmiy-metodik taʼminoti; oʻquv adabiyotlari yaratishning ilmiy-metodik taʼminoti; qayta tayyorlash va malaka oshirishning ilmiy-metodik taʼminoti; pedagogik texnologiyalar va taʼlim sifati; taʼlimda yangi axborot texnologiyalarining ilmiy-metodik taʼminoti; kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish monitoringi), 1 sektor (jahon taʼlim tizimlarining qiyosiy taxlili) bor.

Institut jahon tajribalarini inobatga olgan holda, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimini takomillashtirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish, respublika ijtimoiy-iqtisodiy sohasidagi oʻzgarishlarga, bozor iktisodiyoti ehtiyojlari talablariga toʻliq javob bera oladigan, koʻp bosqichli taʼlim muassasalarining zamonaviy modellarini yaratish, mutaxassislarga taʼlim va tarbiya berishning zamonaviy metodlarini, yangi informatsion va pedagogik texnologiyalarni oʻquv jarayoniga tatbiq etish, talaba yoshlar dunyoqara-shini shakllantirish, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligini mustahkamlash gʻoyasiga sodiq boʻlgan vatanparvarlarni tarbiyalash, oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida talaba yoshlar bilim darajalarini aniklashning test nazorati va baholashning reyting usulini izchil ravishda oʻquv jarayoniga tatbiq etish ishlarini amalga oshirish, kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish, fan va texnika yoʻnalishining zamonaviy holatini aks ettiruvchi original darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, monografiya va maʼruza matnlarini tanlov asosida nashr etishni tashkil qilish va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha faoliyat yuritadi.

Institutda 1996 yildan har chorakda "Taʼlim muammolari" ilmiy-metodik jurnal chop etiladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil