Kontent qismiga oʻtish

Oliver Golden

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Oliver Jon Golden (ing. Oliver John Golden) (1892-yil, Clarksdayl, Mississippi shtati, AQSH. Inglizchada: Clarksdale, Mississippi — 1940-yil, taxminan Toshkent) — afro-amerikalik agronom-selektsioner. 1931-yilda AQSHdan SSSRga koʻchib kelgan, Oʻzbekistonda paxtachilik boʻyicha mutaxassis boʻlgan.

Tarjimai holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oliver Golden 1892-yilda Missisipi shtatining Klarksdeyl shahrida, Memfisdan taxminan 70 mil uzoqlikda tugʻilgan [1]. Uning otasi Xillard Golden qul boʻlib, keyinchalik Missisipi shtatida badavlat yer mulkdoriga aylangan. Xillard Goldenning rafiqasi va Oliverning onasi — Ketrin Golden boʻlgan. Golden ham otasi kabi yoshligida paxta tergan.

Golden Alabama shtatidagi Taskigi universitetiga (inglizchada: Tuskegee Institute) oʻqishga kirgan. XIX-asrdan buyon u yerda sobiq qullarning bolalari oʻqigan[2]. Uning professorlaridan biri mashhur botanik va ixtirochi Jorj Vashington Karver boʻlib, u Goldenning ustoziga aylandi. Birinchi jahon urushi boshlanganda, Golden armiyaga chaqirilgan va u Taskigidagi oʻqishni tugatishga ulgurmagan[3].

Kommunistik faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Frontdan qaytgach, Golden porte (shveytsar) boʻlib ishlagan, 1925-yilda kommunizm irqiy tenglikka erishishning eng yaxshi yoʻli ekanligiga ishonib, AQSh Kommunistik partiyasiga qoʻshilgan[1]. 1924-yilda Golden va uning rafiqasi Jeyn Uilson Kominternda yuqori lavozimni egallagan doʻstining taklifiga binoan Sovet Rossiyasiga sayohat qilishdi. Golden SSSRda 1921-yildan 1938-yilgacha Moskvada faoliyat yuritgan Sharq mehnatkashlarining kommunistik universitetida tahsil olgan. 1924-yilda Uilson qattiq kasal boʻlib vafot etgan. Rafiqasining oʻlimi tufayli Golden tushkunlikka tushdi va bunga bardosh bera olmadi. Uni hamshira Anya parvarish qilgan. Ular bir-birlarini sevib qolishgan va 1927-yilda ularning oʻgʻli Ollava tugʻilgan, u keyinchalik mashhur balet raqqosi va xoreograf boʻlgan[4].

1928-yilda, diplom olgandan soʻng, Golden AQShga qaytib keldi va AQSh Kommunistik partiyasida ishlay boshladi. Golden kommunistik harakatda faol ishtirok etgan. 1928-yilda koʻcha mitingi tarqatib yuborilganidan keyin politsiya boʻlimida Golden ikkinchi xotini Berta Byalek bilan uchrashdi[5]. Byalek Polshadan koʻchib kelgan yahudiy oilasidan edi. Uning oilasi ularning munosabatlarini ma’qullamadi, ammo ular turmush qurishga qaror qilishdi (irqlararo nikohlar AQShda faqatgina 1967-yilda qonuniylashtirilgan edi)[5].

SSSRdagi hayoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1930-yilda 50 ta Amerika kompaniyasi SSSRga infratuzilmani tiklashga yordam berish maqsadida 2000 ga yaqin amerikalik muhandislarni yuborgan. Golden ular bilan borishni xohladi, lekin SSSRga muhandislarni yuborayotgan kompaniyalar birorta ham afro-amerikalikni yubormaslikka qaror qilishganinidan xabar topdi. Ustozi Karverning yordami bilan SSSRga sayohat qilish uchun Golden afro-amerikaliklardan iborat agronomlar guruhini tashkil qildi. Golden va uning jamoasi Amtorg bilan uch yillik shartnoma imzoladi va SSSRdagi dehqonlarga maslahat va yordam berishga kelishib oldi. 1931-yilda Golden Byalek va bir qancha olimlar bilan Leningradga, keyin esa Oʻzbekistonga joʻnab ketishdi. Ular jami 16 nafar edi[1].

Jamoaning Oʻzbekistonda ishlash istagida boʻlgan bir qancha sabablari bor edi. Masalan, guruh oʻzbeklarni rangli odamlar deb hisoblagan va shuning uchun ularga yordam bermoqchi boʻlgan. Qolaversa, Oʻzbekistonda paxta yetishtirilgan. Guruh paxta biznesini yaxshi bilardi va Taskigi instituti bitiruvchisi professor Karverning maslahatlaridan foydalanishda davom etardi. Bu guruh yordamida Oʻzbekiston paxta yetishtirish boʻyicha jahonda yetakchiga aylandi[3].

Sovet tarixining oʻsha bosqichida Sovet hukumati afro-amerikaliklarni dunyoga kapitalizm illatlarini (masalan, irqchilik) va sovet tengligining fazilatlarini koʻrsatish maqsadida faol ravishda jalb qilgan[1]. Bundan tashqari, SSSRda afro-amerikaliklar Buyuk Depressiya va irqchilik sababli past ish haqi toʻlangan Qoʻshma Shtatlardagidan koʻra koʻproq maosh olishlari mumkin edi. „Qoralar, qizillar va ruslar: xorijliklar yaxshiroq sovet hayotini izlashda“ kitobi muallifi professor Joy Glison Keryu tarixning shu lahzasi haqida shunday deydi: „Irqchiliksiz jamiyat qurishni daʼvo qilgan mamlakat 1920-yillarda siyosatshunos talabalarni oʻziga tortdi. Ularga Qoʻshma Shtatlarda hech qachon boʻlmagan, mehmondoʻstlik bilan munosabatda boʻlishdi. Ajablanarlisi shundaki, bu odamlar oʻz hayotlarini yaxshilaydi deb oʻylagan narsalar uchun oʻz uylarini tark etishga, oʻz tillaridan, madaniyatidan voz kechishga rozi boʻlishdi“[6].

Sovet hukumati nafaqat afro-amerikalik mutaxassislarning xizmatlaridan foydalanishni xohladi, balki ular mamlakatga tashrif buyurganlar oʻz yaqinlariga Sovet Ittifoqi haqida gapirib berishlari uchun turizm orqali dunyoga oʻzlarining ustunliklarini koʻrsatishga harakat qilishdi. 1932-yilda bir guruh afro-amerikaliklar SSSR va Amerikadagi etnik ozchiliklarning ahvoli haqida „Oq va qora tanlilar“ hujjatli filmini suratga olish uchun SSSRga kelishdi. Sayyohlar Oʻzbekistonga sayohat qilib, Golden uyini ham ziyorat qilishgan. Bu sayyohlar orasida „Garlem renessansi“ (ing: Harlem Renaissance) madaniy harakatining yetakchi yozuvchilaridan biri Lengston Xyuz ham bor edi. Film hech qachon suratga olinmagan, ammo Xyuz mamlakat boʻylab koʻp sayohat qilgan hamda sayohati va Golden uyiga tashrifi haqida yozgan[7][1].

Golden tomonidan tashkil etilgan mutaxassislar guruhi nafaqat madaniy, balki ilmiy hayotga ham ta’sir koʻrsatdi. Ular yashab turgan qishloqda qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyasi tashkil etildi. U yerda paxta, qand lavlagi, yeryongʻoq yetishtirilar edi. Golden paxtachilik boʻyicha maʼruzalar oʻqir edi[1]. Guruh yangi tezoʻsuvchi paxta navini va yetishtirish arzonroq boʻlgan oʻsimliklarning boshqa turlarini yaratishga muvaffaq boʻldi, bu esa mamlakat iqtisodiyotini yanada rivojlanishiga olib keldi[2][8].

1934-yilda Golden va Byalekning Liya ismli qizi tugʻildi. Xuddi shu yili guruhning shartnomasi tugadi. Agronomlar oldida tanlov turardi: yo shartnomani uzaytirish va Amerika fuqaroligidan voz kechish yoki SSSRni tark etish. Koʻpchilikdan farqli oʻlaroq, Golden va Byalek SSSRda qolishga qaror qilishdi, chunki ular Sovet Ittifoqida ularning qizi irqchilikka duch kelmasligiga va yaxshi ta’lim olishiga umid qilishgan[5]. Golden shartnomani uzaytirdi va oilasi bilan Toshkentga koʻchib oʻtdi. U yerda Golden shahar kengashiga[4] saylangan.

Golden 1940-yilda buyrak va yurak muammolari tufayli vafot etgan. Byalek qizini tarbiyalab, oʻqituvchi va tarjimon boʻlib ishlagan. Liya Golden afrikalik olim va dunyoning koʻplab universitetlarida professor boʻlgan[9].

Golden oilasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ollavning oʻgʻli Jonovich Golden taniqli balet raqqosi va xoreograf boʻlgan; qizi Liya Oliverovna Golden tarixchi olim va Chikago universiteti professori boʻlgan; nabirasi Elena Abdulaevna Xanga - rossiyalik jurnalist, teleboshlovchi va radio boshlovchisi.

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 The Unknown Exodus: U.s. Blacks In Ussr — Tribunedigital-Chicagotribune. http://articles.chicagotribune.com/1990-06-22/features/9002200646_1_yelena-khanga-lily-golden-army-colonel (Wayback Machine saytida 2013-09-27 sanasida arxivlangan). Accessed 8 Sept. 2018.
  2. 2,0 2,1 «Черные Агрономы. Как Дед Елены Ханги Создавал Хлопковую Зависимость Туркестана.» Фергана. Ру, http://www.fergananews.com//articles/10118. Accessed 8 Sept. 2018.
  3. 3,0 3,1 «Российско-американские сюжеты.» https://alliruk.livejournal.com/296651.html
  4. 4,0 4,1 «Golden, Oliver (1887—1940)» https://blackpast.org/gah/golden-oliver-1887-1940
  5. 5,0 5,1 5,2 «Family Ties.» Tribunedigital-Chicagotribune, http://articles.chicagotribune.com/1992-11-01/features/9204080855_1_yelena-khanga-lily-golden-oliver-golden (Wayback Machine saytida 2015-10-02 sanasida arxivlangan) Accessed 8 Sept. 2018.
  6. Карл Шрек."Черный Сталин из Кремля" Радио Свобода. 11 Апрель 2016.https://www.svoboda.org/a/27667216.html
  7. Carl Schrek. «Meet Yosif Stalin, The Soviet-Born Black American From Kremlin, Virginia.» Radio Free Europe. 08 April 2016. https://www.rferl.org/a/soviet-union-yosif-stalin-black-american-kremlin-virginia/27663044.html
  8. Ann M. Simons. «In Russia, early African American migrants found the good life.» LA Times. 19 November 2014. https://www.latimes.com/world/la-fg-c1-black-russian-americans-20141119-story.html
  9. Steven J. Niven. «Black in the USSR: 3 Generations of a Russian Family.» 13 December 2013.https://www.theroot.com/black-in-the-ussr-3-generations-of-a-russian-family-1790862051
  • Ханга, Елена. Про Все — Vagrius, 2001—256 c — ISBN 978-5-264-00558-9
  • Carew, Joy Gleason. Blacks, Reds, and Russians : Sojourners in Search of the Soviet Promise-- New Brunswick, N.J. : Rutgers University Press, 2008—273c. — ISBN 978-0-8135-4306-2
  • Ханга, Елена. Soul to soul: A Black Russian Jewish Woman’s Search for Her Roots (Душа в душу: Чернокожая русская еврейка в поисках своих корней: История чёрной русско-американской семьи. 1865—1992) — W. W. Norton & Company, 1992—317с. — ISBN 978-0-393-31155-6
  • Голден Джон Оливер // Иванян Э. А. Энциклопедия российско-американских отношений. XVIII—XX века. — Москва: Международные отношения, 2001. — 696 с. — ISBN 5-7133-1045-0.