Kontent qismiga oʻtish

Obidjon Hamidov

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Vikipediyada ismi Obidjon va familiyasi Hamidov boʻlgan boshqa kishilar haqida ham maqolalar mavjud.
Obidjon Xafizovich Xamidov
Tavalludi 2-dekabr 1975-yil (1975-12-02) (49 yosh)
Buxoro viloyati, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi iqtisodchi olim
Sohasi iqtisodiyot
Taʼlimi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Dokuz Eylül universiteti
Ilmiy darajasi iqtisodiyot fanlari doktori (DSc)
Ilmiy unvoni professor
Veb-sayt www.buxdu.uz

Obidjon Xafizovich Xamidov (1975-yil 2-dekabr, Buxoro viloyati, Oʻzbekiston SSR) – oʻzbekistonlik iqtisodchi olim, iqtisodiyot fanlari doktori (2017), professor (2020), Buxoro davlat universiteti rektori (2019-yildan).

Xamidov Obidjon Xafizovich 1975-yilning 2-dekabrida Buxoro viloyatida ziyolilar oilasida tugʻilgan. 1992—1998=yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi boʻlgan. 1992—1996-yillarda Turkiyaning Dokuz Eylül universitetida tahsil olgan.

Mehnat faoliyatini 1998-yilda „Interkontinental“ mehmonxonasi hisobchisi sifatida boshlagan. 2000—2001-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti maxsus turistik firmasi direktori, 2001—2003-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti turizm servisi kafedrasi assistenti, 2003—2004-yillarda „Soj-Invest“ sanoat-moliya kompaniyasining bosh vakili, 2004—2019-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida assistent, katta oʻqituvchi, dotsent, kafedra mudiri, moliya-iqtisod ishlari boʻyicha prorektor, xalqaro aloqalar boʻyicha prorektor lavozimlarida ishlagan. 2014-yil 18-oktyabrdan – 20-noyabrgacha Gretsiyaning texnologik taʼlim institutida, 2015-yil 27-iyuldan – 10-avgustgacha Germaniyaning Bremerxafen universitetida malaka oshirgan. 2019-yildan hozirgi kunga qadar Buxoro davlat universiteti rektori lavozimida ishlab kelmoqda.

2006-yilda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti huzuridagi Ilmiy kengashda „Oʻzbekiston turizm xizmatlari bozorida raqobatbardosh strategiyalarni tanlash“ mavzusida fan nomzodi dissertatsiyasini rus tilida himoya qilgan va 2006–yil 29–iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining qaroriga asosan (126/1-son bayonnoma) iqtisodiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida taʼlim sifatini oshirishga qoʻshgan hissasi uchun 2009-yilda servis kafedrasi boʻyicha OAK tomonidan dotsent ilmiy unvoni berilgan.

2017-yilda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti huzuridagi Ilmiy kengashda „Oʻzbekistonda ekologik turizmni rivojlantirishning boshqarish mexanizmini takomillashtirish“ mavzuida fan doktori (DSc) dissertatsiyasini himoya qilgan va 2017-yil 29-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining qaroriga asosan (245/1-son bayonnoma) iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga erishgan, ilmiy faoliyatini muttasil davom ettirib 2020-yilda professor ilmiy unvonini olgan.

Buxoro davlat universitetidagi oʻquv, tarbiyaviy, ilmiy-tadqiqot jarayonini rivojlantirish, mehnat va ijro intizomini taʼminlash, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalariga oʻquv-metodik yordam koʻrsatish, oʻqitish tizimida yangi pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, oʻquv jarayonini avtomatlashtirish, internet tarmogʻida universitet, fakultet, kafedralar veb-saytlarini tashkil qilish, lokal tarmoqda reyting boʻyicha nazorat tizimini yaratish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, kredit tizimiga oʻtish, yangi yoʻnalish va mutaxassisliklar ochish, yangi fakultet va pedagogika institutini tashkil qilishda shaxsiy tashabbuskorlik koʻrsatgan.

O. X. Xamidovning BuxDUdagi rektorlik faoliyati (2019—2022-yillar) davrida universitetda davlat grantlari va xoʻjalik shartnomalari salmogʻi bir necha baravar, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoyasi esa uch baravarga koʻpaydi, shuningdek, 2019-yilda 3 ta Navoiy, 1 ta Ulugʻbek, 1 ta I.Karimov nomidagi, 1 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi, 2020-yilda 5 ta Navoiy, 1 ta Islom Karimov, 1 ta Ulugʻbek nomidagi stipendiya, 2021-yilda 1 ta I.Karimov stipendiyasi, 2 ta Ulugʻbek stipendiyasi, 6 ta Navoiy stipendiyasi, 2022-yilda 1 ta I.Karimov stipendiyasi, 2 ta Ulugʻbek stipendiyasi, 6 ta Navoiy stipendiyasi, 2 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sovrindorlari tayyorlandi, 2021 yilda sanʼatshunoslik fakulteti musiqa taʼlimi yoʻnalishi talabasi Umarqulova Dinora Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi boʻldi. Shuningdek, 40 ga yaqin talabalar fan olimpiadalarning Respublika bosqichida gʻolib boʻlishdi.

O. X. Xamidovning rahbarligi va tashabbuskorligida Buxoro davlat universitetda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisining qarorlari asosida 10.00.01 – „Oʻzbek tili“, 10.00.02 – „Oʻzbek adabiyoti“, 10.00.08 – „Folklorshunoslik“, 10.00.04 – „Yevropa, Amerika va Avstraliya tili va adabiyoti“, 10.00.06 – „Qiyosiy adabiyotshunoslik, chogʻishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik“, 09.00.03 – „Falsafa tarixi“, 09.00.04 – „Ijtimoiy falsafa“, 07.00.01 – „Oʻzbekiston tarixi“, 19.00.05 – „Ijtimoiy psixologiya. Etnopsixologiya“, 19.00.06 – „Yosh va pedagogik psixologiya. Rivojlanish psixologiyasi“, 13.00.01 – „Pedagogika nazariyasi. Pedagogik taʼlimotlar tarixi“, 13.00.02 – „Taʼlim va tarbiya nazariyasi va metodikasi“, 02.00.01 – „Noorganik kimyo“, 03.00.07 – „Oʻsimliklar fiziologiyasi va biokimyosi“, 03.00.12 – „Biotexnologiya“ kabi 15 ta ixtisoslikdagi 8 ta ilmiy kengash oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.

O. X. Xamidovning rahbarligi va tashabbuskorligida universitetda xorijning yetakchi 5 ta OTM bilan hamkorlikda 4 ta bakalavriat yoʻnalishi hamda 8 ta magistratura mutaxassisligida qoʻshma dasturlar ochildi. Shu jumladan, Fransiyaning VATEL mehmonxona va turizm biznes-maktabi bilan „Xalqaro mehmonxona menejmenti“, Isroilning Xolon texnologiya instituti bilan „Amaliy matematika va informatika“ hamda „Informatika va axborot texnologiyalari“, Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universiteti bilan „Iqtisodiyot“ bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida, Moskva davlat universiteti bilan „Psixologiya“ hamda „Amaliy matematika va informatika“, Indoneziyaning Gunadarma universiteti bilan „Turizm (raqamli turizm)“, shuningdek, Bolgariyaning Sofiya universitetining „Xorijiy til va adabiyoti (ingliz)“ magistratura mutaxassisliklari boʻyicha 200 nafardan ortiq talabalar taʼlim olmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisining 2017-yil 28-dekabrdagi № 195-sonli qaroriga asosan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.28.12.2017.L16.02 raqamli ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar aʼzosi sifatida faoliyat olib bormoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisining 2019 yil 30 dekabrdagi № 364-sonli qaroriga asosan Buxoro davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.12.2019.I.72.05 raqamli ilmiy kengash raisi sifatida faoliyat yuritayabdi.

O. X. Xamidov Hindistonda nashr etiladigan „Journal of Management Value & Ethics“ xalqaro jurnalining tahrir hay’ati aʼzosi, „Buxoro davlat universiteti ilmiy axboroti“ ilmiy jurnalining tahrir hay’ati raisi, shuningdek, „Psixologiya“ va „Pedagogik mahorat“ ilmiy, ilmiy-usuliy va metodik jurnallarining tahrir hay’ati aʼzosi sifatida faoliyat olib bormoqda.

2010—2017-yillarda Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajarilayotgan fundamental va ilmiy-amaliy loyihalarda ishtirok etgan. Jumladan, 2010—2011-yillarga moʻljallangan YoF-7-01 sonli „Oliy taʼlim muassasalari va ishlab chiqarish oʻrtasida ekoturizm boʻyicha samarali hamkorlik qilish metodikasini ishlab chiqish“ mavzuidagi 12,8 mln. soʻmlik yoshlar fundamental loyihasi rahbari; 2012—2014-yillarga moʻljallangan ITD-2-17 sonli „Oʻzbekistonda ichki turizmning rivojlanish istiqbollari va imkoniyatlarining iqtisodiy tahlili“ mavzusidagi 110 mln. soʻmlik amaliy loyiha rahbari; 2014—2015-yillarga moʻljallangan IOT-2014-1-11 sonli „Turistik va mehmonxona xizmatlari milliy tizimiga xalqaro ISO standartlarini joriy etish“ mavzusidagi 101,5 mln. soʻmlik innovatsion loyiha rahbari; 2015—2017-yillarga moʻljallangan F-2-39-sonli „Oʻzbekiston turizm sohasida oziq-ovqat xavfsizligiga taʼsir qiluvchi omillarni oʻrganish“ mavzusidagi 105 mln. soʻmlik amaliy loyiha rahbari sifatida ishlagan.

Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi deputati O. X. Xamidov Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi aʼzosi sifatida siyosiy jarayonlar va bu boradagi islohotlarning jonkuyar targʻibotchisi hamdir.

Ayni paytda Xamidov Obidjon Xafizovich ‒ xalq deputatlari viloyat Kengashining sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha doimiy komissiyasi raisi; Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va uni oʻtkazishga koʻmaklashuvchi viloyat komissiyasi raisi, shuningdek, chet ellik mehmonlarni kutib olish boʻyicha viloyat guruhi raisi; UI GreenMetric World University Ranking tashkilotining Oʻzbekistondagi universitetlar boʻyicha Milliy koordinatori sifatida ham faoliyat yuritmoqda.

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Salohiyatli olimning iqtisodiyot va turizm, menejment, marketing kabi sohalarning dolzarb muammolari boʻyicha salmoqli izlanishlari mavjud. U hozirgacha 6 ta monografiya, vazirlik grifi bilan 5 ta darslik va 3 ta oʻquv qoʻllanma, 3 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 80 dan ortiq ilmiy, jumladan, nufuzli xorijiy yoki xalqaro ilmiy jurnallarda 26 ta maqolalar eʼlon qilgan. Olimning „Taʼlim tizimida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashning boshqaruvini takomillashtirish“, „Oʻzbekistonning ekoturistik salohiyati“, „Oʻzbekistonda ichki turizm marketingi“ (rus tilida), „Mehmonxona xizmatlarini sertifikatlashtirish“ (rus tilida), „Oʻzbekistonda ekologik turizmni rivojlantirishni boshqarishni takomillashtirish: muammo va yechimlar“ kabi monografiyalari; „Menejment“ darsligi; „Menejment“ oʻquv qoʻllanmasi; „Iqtisodiy xavfsizlik“ (rus tilida), „Buxgalteriya hisobi“, „Menejment“ kabi oʻquv-usuliy qoʻllanmalari soha mutaxassislari uchun muhim qoʻllanma boʻlib kelmoqda.[1].

  1. Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 1-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2022 — 342-bet.