Obid Jalilov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Obid Jalilov (1896.10.11 - Toshkent — 1963.27.9) — Oʻzbekiston xalq artisti (1939). Savodsizlikni tugatish maktabida oʻqigan (1918—20). 1919 yildan oʻzbek drama gruppasi (1929 yildan Hamza teatri)ning yetakchi aktyori. Aktyorlik mahorati intellektual psixologik yoʻsinda shakllangan. J. qahramonlari kuchli, oʻz hissiyotlarini boshqara oladigan kishilar obrazi boʻlib, aktyor ularning ichki dunyosini loʻnda va ifodali talqin etdi. Har qanday katta-kichik obrazning gʻoyaviy-falsafiy yoʻnalishining ijtimoiy mohiyatini ochishga, qarama-qarshiliklarni hal qilishdagi oʻrnini aniq belgilab olishga, butun diqqat-eʼtiborini, harakatlarini qahramonning maqsadini mantiqan isbotlashga, obrazni psixologik jihatdan chuqurlashtirishga intilgan, uni voqealar jarayonida muttasil, sahnamasahna rivojlantirib borgan. Bemor ("Turkiston tabibi"), Podkolyosin ("Uylanish") va b. aktyorning sahnadagi ilk yirik obrazlaridir. 30-yillar Tolipov ("Niqob yirtildi"), Arslon, Poʻlatov ("Tor-mor", "Nomus va muhabbat") kabi rollari bilan tanildi. Eng yaxshi rollari: Komilov ("Navbahor"), Mavlon ("Shohi soʻzana"), Solihboy ("Boy ila xizmatchi"), Majdiddin ("Alisher Navoiy"), Klavdiy ("Hamlet"), Dikoy ("Momaqaldiroq") va b. obrazlarida aktyor ijodining yangi qirralari namoyon boʻlib, salbiy obrazlar ustasi sifatida shuhrat qozondi. J. milliy kino ravnaqiga ham ulkan hissa qoʻshdi. Vazir ("Tohir va Zuhra"), Majdiddin ("Alisher Navoiy"), Solihboy ("Boy ila xizmatchi"), Qodir ("Gullar ochilganda"), Mahkam ota ("Sen yetim emassan") va b. kinodagi eng yaxshi rollaridir. Bu obrazlar J. ijrosida oʻzining badiiy ifodasini toʻligʻicha topgan va ular oʻzbek kinosi tarixining zarvaraklaridan urin olgan. Davlat mukofoti laureata (1949).[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil