Oʻzbekistonning tekisliklardagi tuproqlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tekisliklar tuproqlari. Choʻl zonasi aftomorf sur-qoʻngʻir tuproqlar bilan qoplangan. Bu tuproqlar qoldiq platolar, qad. Ustyurt platosi yoyilma konuslari, Qizilqum va boshqa yerlarda rivojlangan. Tuproq qatlamining 18-25 sm chuqurligida gips kristallari va suvda eruvchi tuzlari bor. Tuproqning yuqori qatlamida gumus miqdori 0,2-0,8 %.

Cho'l qum tuproqlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qizilqum va boshqa qumli choʻllarda keng tarqalgan. Yuqori qatlami zich emas, baʼzi joylarda yupqa qatlam hosil qiladi. Yuza qatlamining qalinligi qariyb 5 sm. Bu qatlamda temperatura yoz kunlari 70-800 gacha koʻtariladi va sutka davomida keskin oʻzgarib turadi. Yuza qatlami himoya vazifasini oʻtab quyi qatlamdagi namni saqlab turadi. Choʻl qum tuproqlarida gumus miqdori juda kam-0,2-0,5% dan oshmaydi. Choʻl qum tuproqlari mexanik tarkibining xususiyati shundan iboratki, bu tuproqlarning tarkibida mayda chang (0,25-0,05 mm) va yirik chang (0,05-0,01 mm) fraksiyalari koʻp. Bu tuproqlarda deyarli sho'rlanish boʻlmaydi.

Taqir tuproqlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonning choʻl qismida, Amudaryo, Qashqadaryo, Sheroboddaryo va boshqa daryolarning qadimy allyuvial tekisliklarida, Zarafshon va Surxondaryo vodiylarida uchraydi. Har xil darajada shoʻrlangan. Tarkibida karbonatlar miqdori koʻp (8-10 %). Gumus 0,3-0,8 %. Sugʻoriladigan taqir tuproqdagi mavjud agroirrigatsion qavat dehqonchilik agrotexnikasi, yerga solingan mahalliy oʻgʻit, shuningdek, suvning loyqalik darajasiga qarab 30-40 sm dan 1–2 m gacha qalinlikda boʻladi. Agroirrigatsion qavat rangi, mexanik tarkibi, qovushqoqligi va kimyoviy xossalari bir xil boʻlgan yaxlit gorizont hosil qiladi. Bunday tuproqlar Buxoro viloyatida, Qarshi va Sherobod choʻllarida uchraydi. Taqir tuproqlarning vujudga kelishi allyuvial tekisliklarning choʻlga aylanishidagi birinchi bosqichidir.

Taqirli tuproqlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mamlakatning qumli choʻllaridagi pastqam tekisliklarda, qadimiy qurilgan allyuvial va proyuvial-allyuvial tekisliklarda tarqalgan. Loy tuproqdan tarkib topgan, vaqt-vaqti bilan suv bosib turadi, oʻsimlik qoplami deyarli boʻlmaydi. Suv bugʻlanib ketgandan keyin taqir yorilib oʻsimlik oʻsmaydigan qatqaloq poʻstloqqa aylanadi. Taqirli maydonlar surqoʻngʻir tuproqlar orasida uchraydi, qadimiy allyuvial tekisliklarda esa taqirlar tuproq majmuasining asosiy qismlardan biri. Taqirli tuproqda gumus miqdori taqir tuproqqa nisbatan koʻproq (0,5-1,0 % gacha), biologik jihatdan ham faolligi sustroq boʻlib, tuproq bilan geologik tuzilmalar chegarasida turadi.

O'tloqi tuproqlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Choʻl zonada gurut suvlari 1–3 m chuqurlikda boʻlgan joylarda (Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshonning quyi terrasalari va Amudaryo deltasida) rivojlangan. Oʻtloqi allyuvial keltirmalariga oʻxshash. Biroq koʻpincha chim qavati bilan qoplangan boʻladi. Oʻtloqi tuproqlar namlikning oz-koʻpligiga qarab oʻtloqi allyuvial (daryo vodiylari boʻylab) va oʻtloqi soz (proyuvialdan tuzilgan togʻ etagi tekisliklarida) tuproqlarga boʻlinadi. Tarkbida gumus koʻpincha 2% dan ortiq. Oʻtloqi soz tuproqlar baʼzan shoʻrlangan boʻladi.

Botqoqi va botqoqi-o'tloqi tuproqlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonning bo'z tuproq mintaqasi va choʻl zonasida tarqalgan. Sirdaryo, Amudaryo, Zarafshon, Chirchiq, Surxondaryo va boshqa daryo vodiylarida, shuningdek Soʻx, Isfara, Margʻilonsoy, Aravonsoy, Oqboʻra kabi soylar terrasalarining pastqam yerlarida, qurib qolgan koʻl va qoldiq daryo oʻzanlarida uchraydi. Bu joylarda yer osti suvlari yuza (1 m dan kam) joylashganligidan tuproqda nam koʻp, tuproqning yuqori qatlami gleylashgan. Gumus miqdori 2-3 %. Sho'rxoklar choʻl zonasi tuproqlari orasida va boʻz tuproq mintaqasining quyi qismida, daryo vodiylari yoki togʻ etagi tekisliklari shleyflarida koʻpincha hozirgi vohalarda keng tarqalgan. Tarkibida suvda oson eriydigan har xil tuzlar (xlorid sulfat, karbonat va sh.k.) mavjud. Tuzlarning eng koʻp qismi tuproqning yuqori qatlamida boʻladi. Ular sizot suvlarining koʻtarilib bugʻlanishi natijasida toʻplanadi. Sho'rxok tuproqlar morfologik koʻrinishi jihatidan qatqaloq, mayin va qora boʻladi. Shoʻrxok tuproqlarning meliorativ holati yaxshilangach ekin ekish mumkin.

O'tloqi-voha (sug'oriladigan) tuproqlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Choʻl zonasidagi sugʻoriladigan vohalarda (Buxoro, Xorazm, Markaziy Fargʻonada, Qoraqalpogʻiston va boshqa joylarda) asosiy maydonni egallagan. Ular taqir voha, botqoq-voha tuproqlari bilan birga uchraydi. Zarafshon, Amudaryo vodiylarida yirik vohalari 2-3 ming yillardan beri mavjud. Shu muddat davomida bu yerda qalinligi 2–3 m li agroirrigatsion gorizont vujudga kelgan va tabiiy tuproqni koʻmib yuborgan. Oʻtloqi-voha allyuvial tuproqlarning agroirrigatsion gorizonti bir xil koʻkish-boʻz rangli, antropogen qoʻshimchalar aralashgan. Haydalma qatlami ancha zich. Tarkibida 1-1,3 % gumus bor. Choʻl iqlimi sharoitida va namlanish rejimiga koʻra oʻtloqi-voha tuproqlari shoʻrlanishga koʻproq moyil. Tuproq shoʻri drenaj yordamida muntazam yuvib turiladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. O'n ikkinchi jild. Toshkent, 2000-yil