Oʻzbekiston yoshlar teatri

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekiston yoshlar teatri — bolalar, oʻsmirlar va yoshlar teatri. 1928-yil Toshkentda vrach S.Etyen va rassom S. Malt tomonidan rus yosh tomoshabinlar teatri sifatida tashkil etilgan. 1998-yil may oyidan hozirgi nomda. Teatr "Tom togʻaning kulbasi" (B.Stou) spektakli bilan ochilgan. "Zolushka", "Qor malikasi", "Oppoqoyim va yetti gnom" kabi ertaklardan tashqari katta yoshdagi bolalar uchun ham spektakllar ("Don Kixot", "Ikki boyga bir malay", "Gorkiyning yoshligi" va boshqalar) qoʻyilgan. Teatrda turli yillarda rejissyor lardan A. Ginzburg, N.Ladigin, Ya. Lobach, I.Radun, aktyorlardan V. Sultonova, T.Sinkoburov va boshqalar ishlagan. "Kaltakesak" (A.Volodin), "Azizim Yelena Sergeyevna" (L. Razumovskiy) kabi spektakllar shuhrat qozongan. Teatrning ijodiy yoʻnalishi milliy anʼanalar, shuningdek, rus va Yevropa sahna sanʼatiga asoslangan. Teatr spektakllari ikki til (oʻzbek va rus)da koʻrsatiladi.

"Zoʻraki tabib", "Kaftdagi yulduz" ("Zumrad va Qimmat" ertagi asosida) kabi spektakllarda oʻzbek xalq masxarabozlik va qiziqchiliklaridan keng foydalanilgan va ular zamonaviy sahna topilmalari bilan boyitilgan. "Teatr zinapoyalari" turkumi ostida qoʻyilgan spektakllarda jahon teatri tarixi yoritib borilmoqda. Teatr repertuaridagi spektakllar yangi gʻoyalar, ijodiy fantaziyalar sintezi va yangi ifoda vositalari bilan sugʻorilgan. "Umar Xayyom burji", "Sharora doimiy raqqosa", "Gugurt ushlagan qiz", "Tomdagi skripkachi", "Iblis ayol", "Malikai Turandot", "Tuhfa qilingan sevgi hikoyasi", Navoiy dostonlari asosida yaratilgan "Qushlar tili" va boshqalar shular jumlasidan.

Teatr truppasi koʻpgina xalqaro festivallar (Qohira, 1992; Moskva, 1992, 1998; Samara, 2000; Isroil, 2002 va boshqalar) qatnashchisi. Teatrning xalqaro faoliyat diapazoni keng. Teatrning oʻzi "Humo" nomi bilan yoshlar teatri, raqs va musiqa xalqaro festivalini oʻtkazdi.

Teatrda rejissyor Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist G. Mustafin, baletmeyster M.Iskandarova; Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar F.Rejamatova, J. Yusupov; artistlardan A. Milchakova, A. Xolmirzayev, A. Kartayev, D. Kuprey, B. Yoʻldoshev, V. Vasilyeva, O. Qayumov, L. Saidoʻgʻli, A. Bekmurodov, V. Vladimirova, A. Trenina va boshqalar faoliyat koʻrsatmoqdalar.

Teatr oʻz vazifasini oʻsib kelayotgan yoshlarni tarbiyalash, ularni sogʻlom fikrlash, zamonga mos inson boʻlib yetishishiga xizmat qilishda deb biladi. Teatrning badiiy rahbari va bosh rejissyori — Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi N. Abdurahmonov.