Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston SSR Mustaqillik deklaratsiyasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Mustaqillik deklaratsiyasi (1990-yil 20-iyun) — Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining 2-sessiyasida qabul qilingan. U Oʻzbekistonning mustaqillikka erishishida muhim qadam boʻldi. M. D.da „Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Kengashi oʻzbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va tarkib topgan boy anʼanalari, har bir millatning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini taʼminlashdan iborat oliy maqsad haqi, Oʻzbekistonning kelajagi uchun tarixiy masʼuliyatni chu-qur his etgan holda xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya prinsiplariga asoslanib, Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining davlat mu-staqilligini eʼlon qiladi“, deb yozib qoʻyilgandi. Ana shu hujjat asosida Oʻzbekistonning iqtisodiy va siyosiy hayotiga doir masalalar mustaqil tarzda hal qilina bordi va 1991-yil 31 avgustda „Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida“ qonun qabul qilindi (yana qarang: Mustaqillik).[1]

Bu hujjatning tarixiy ahamiyati eng avvalo, Oʻzbekistonning oʻz taqdirini oʻzi belgilashi, erkin tafakkur asosida yashash, fikrlash, milliy va umumbashariy qadriyatlarga tayanib ish koʻrish kabi jihatlar bilan izohlanadi. Mustaqillik deklaratsiyasida Oʻzbekistonning hududida asrlar davomida shakllangan davlatchilik, fan-taʼlim va madaniy taraqqiyot borasidagi boy tajriba va anʼanalari oʻz aksini topgan. Mazkur hujjatning murakkab sharoitlarda qabul qilinishi Oʻzbekistonning mustaqillikka erishish sari tashlangan qatʼiy va muhim qadami boʻldi.

Mustaqillik deklaratsiyasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

1. Oʻzbekiston SSRning demokratik davlat mustaqilligi respublikaning oʻz hududida barcha tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlardagi tanho hokimligidir.

2. Oʻzbekiston SSRning davlat hududi chegarasi daxlsiz va bu hudud xalqning muhokamasiga qoʻyilmay turib oʻzgartirilishi mumkin emas.

3. Oʻzbekiston SSRda davlat hokimiyati uning hududiga kiradigan barcha tarkibiy va boʻlinmas qismlari ustidan amalga oshiriladi va shu hududda yashaydigan aholiga taalluqlidir.

4. SSSR Oliy Soveti qabul qiladigan qarorlar Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan tasdiqlanganidan keyingina Oʻzbekiston SSR hududida kuchga ega boʻladi.

5. Oʻzbekiston SSR davlat hokimiyati vakolatiga Oʻzbekiston SSR ichki va tashqi siyosatiga tegishli barcha masalalar kiradi.

6. Oʻzbekiston SSR xalqaro huquqning asosiy prinsiplarini tan oladi va hurmat qiladi.

7. Oʻzbekiston SSR ittifoqdosh respublikalar va boshqa davlatlar bilan oʻzining siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa munosabatlarini shartnomalar asosida belgilaydi va amalga oshiradi.

8. Oʻzbekiston SSR oʻzining taraqqiyot yoʻlini, oʻz nomini belgilaydi va davlat belgilarini (gerb, bayroq, madhiya) oʻzi taʼsis etadi.

9. Qoraqalpogʻiston Muxtor Sovet Sotsialistik Respublikasi mustaqilligini Muxtor Respublika Konstitutsiyasi taʼmin etadi.

Oʻzbekiston SSR uning Asosiy Qonuni va Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasi asosida Qoraqalpogʻiston MSSR manfaatlarini himoya qiladi.

10. Oʻzbekiston SSRning qonun chiqaruvchi hokimiyati Oʻzbekiston SSR davlat mustaqilligini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan qonunlarni ishlab chiqadi. Oʻzbekiston SSRning siyosiy va iqtisodiy sistemalari tarkibini va qurilishini belgilaydi.

11. Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti umumxalq muhokamasi asosida demokratik huquqiy davlat tuzishga qaror qilganini bildiradi, Oʻzbekiston SSRda yashayotgan barcha millat va elatlarning qonuniy siyosiy, iqtisodiy, etnik, madaniy huquqlariga hamda ona tillari rivojlantirilishiga kafillik beradi.

12. Ushbu Deklaratsiya Oʻzbekiston SSRning yangi Konstitutsiyasini hamda yangi ittifoq shartnomasini ishlab chiqish uchun asosdir.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil