Oʻttosh kasalligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻt tosh kasalligi, xolelitiaz — organizmda moddalar almashinuvi buzilishi natijasida oʻt pufagi va oʻt yoʻllarida tosh paydo boʻlishi, ularda oʻt dimlanib qolishi bilan kechadigan kasallik. Kasallik ayollarda koʻproq uchraydi. Sekin-asta rivojlanadi. Koʻpincha bemor bir necha yil davomida oʻng qovurgʻalari ostida ogʻirlik sezib yuradi, ogʻzi taxirlashib, jigʻildoni qaynaydi (xususan, qovurilgan, dudlangan, tuzlangan mahsulotlar isteʼmol qilinganida). Bu Oʻt tosh kasalligi k.ning dastlabki alomatlari boʻlib, kasallik kechiktirib yuborilganda oʻng qovurgʻalar osti sanchib, ogʻriq qorin, oʻng kurak, oʻng yelka, oʻmrov va kuraklararo sohaga tarqaladi. Bu alomatlar oʻt pufagida tosh paydo boʻlganligini bildiradi. Toshlar soni va kattakichikligi har xil, tarkibiga koʻra bir xil (xolesterinli, oʻt pigmentli. kaltsiy tuzli va boshqalar) va aralash boʻladi.

Haddan tashqari koʻp ovqat yeyish, shuningdek, kam harakat qilish natijasida oʻt dimlanib qolishi ham Oʻt tosh kasalligik.ga olib kelishi mumkin. Oʻt dimlanib qolishiga oʻt pufagi va oʻt yoʻllarining yalligʻlanishi, ularda anatomik oʻzgarishlar paydo boʻlishi (chandiklanish, bitib qolish) va bu aʼzolar harakatining susayishi (bir maromda ovqatlanmaslik, qorin dam boʻlishi, qabziyat va boshqalar) sabab boʻladi. Ovqatning xili, kishining irsiy xususiyatlari, semirishga moyillik va boshqalar Oʻt tosh kasalligik.ga sabab boʻlishi mumkin. Moddalar almashinuvining buzilishi, oʻt dimlanib qolishi natijasida oʻt tarkibida oʻt kislota miqdori kamayadi; bu esa oʻt pigmentlari — xolesterin va bilirubinning choʻkib, ulardan tosh paydo boʻlishiga olib keladi. Oʻt kislota miqdori isteʼmol qilinadigan yogʻ tarkibi va miqdoriga maʼlum darajada bogʻliq; ovqat tarkibida yogʻ koʻp yoki kam boʻlganida ham tosh hosil boʻladi. Oʻt tosh kasalligik.da bemor vrach buyurgan ovqatlanish tartibiga qatʼiy amal qilishi zarur. Badan tarbiya bilan shugʻullanish, semirmaslik chorasini koʻrish Oʻt tosh kasalligik.ning oldini olishda ahamiyatga ega. Kasallik xurujida spazmolitik dorilar, yalligʻlanishga qarshi antibiotik va sulfanilamidlar qoʻllanadi. Kasallik uzoq davom etsa va asorat bersa, operatsiya qilinadi.