Oʻtin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻtinyoqilgʻi sifatida foydalanish uchun moʻljallangan yogʻoch (taxta, poya, shoxshabba va boshqalar). Har xil jinsli daraxt tanasi va shoxlarini arralab va yorib tayyorlanadi. Oʻ. sifatida eman (dub), qayin, qaragʻay, archa va boshqalar igna bargli daraxtlar, terak, togʻterak, tol, tok poyalari, saksovul yogʻochi hamda oʻrik, yongʻoq va boshqalar mevali daraxtlar yogʻochi ishlatiladi. Oʻzbekistonda, ayniqsa, archa, yongʻoq, oʻrik yogʻochi, saksovul Oʻ. sifatida qadrlanadi. Ular tandir, oʻchoq, qoʻrada non va somsa yopish, turli-tuman ovqatlar, kabob va tandir kabob pishirish uchun juda qimmatli yoqilgʻi hisoblanadi. Oʻ.dan pista koʻmir ham tayyorlanadi. Oʻ. ning hajmi, asosan, sarjin bilan oʻlchanadi.

Yuqorida sanab oʻtilgan barcha jinsdagi oʻtinbop yogʻochlarning (saksovuldan tashqari) kimyoviy tarkibi oʻxshash boʻlib, taxminan 50 foizini uglerod tashkil qiladi. Shuning uchun mutlaqo quruq holatdagi yogʻochlarning yonish issiqligi deyarli bir xil: 1 kg Oʻ. yonganda ajraladigan issiqlik miqdori 18800 kJ (4500 kkal)ni tashkil qiladi (har qaysi jinsdagi daraxt yogʻochi uchun bundan 3—5% farq qilishi mumkin). Hozir yoqilgʻi sifatida gaz, neft, torf, koʻmir, elektr energiyasi koʻproq ishlatilgani tufayli Oʻ.ning yoqilgʻi sifatidagi ahamiyati kamaygan, lekin oʻzbek milliy pazandachiligida Oʻ.ning qadri hali ham yuqori.