Oʻsishni boshqaruvchi moddalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻsishni boshqaruvchi moddalar — oʻsimliklarning generativ va oʻsish jarayonlarini jadallashtiruvchi yoki sekinlashtiruvchi (susaytiruvchi) bir qator tabiiy va sintetik birikmalar. Oʻsishni tezlashtiruvchi moddalar (oʻsish stimulyatorlari) va oʻsishni toʻxtatuvchi moddalar (oʻsish ingibitorlari)ga boʻlinadi. Qishloq xoʻjaligi ekinlariga ishlov berishda qoʻllaniladi. Tabiiy oʻsishni tezlashtiruvchi moddalarga fitogormonlar, shuningdek, baʼzi vitaminlar; sintetik oʻstiruvchi moddalarga geteroauksin va uning analoglari, indolilmoy kislota va naftilatsetat kislota, maleinat kislota gidrozidi, suksinat kislota kiradi. Oʻsishni toʻxtatuvchi moddalarga oʻsimliklarda turli xil kimyoviy, biokimyoviy, fiziologik jarayonlar (urugʻning unishi, poya va uning ayrim qismlarining oʻsishi, barglarning toʻkilishi va boshqalar) tormozlanishida faol ishtirok etadigan moddalar kiradi. Tabiiy va sunʼiy oʻsish ingibitorlari farqlanadi. Tabiiy yoki endogen oʻsish ingibitorlariga abssizat kislota, skopoletin, eskuletin, kumarin, salitsil kislota, poksibenzoat kislota va boshqalar kiradi. Tabiiy oʻsish ingibitorlari oʻsimliklar kuzda oʻsishdan toʻxtab, tinim holatga oʻtish davrida ularning kurtak va urugʻlarida toʻplanadi. Koʻklamda oʻsish ingibitorlari miqdori keskin kamayadi. Sintetik oʻsish ingibitorlariga sianidlar, mishyakli preparatlar, gidrazin, simob va boshqalar ogʻir metallar kiradi. Ularning fitogormonlardan auksinlar, gibberellinlar va sitokininlar faolligini yoʻqotish xususiyatiga egaligi isbotlangan.

Sintetik Oʻsishni boshqaruvchi moddalarm. golland fitofiziologi F.Kegel tomonidan auksin moddasi (indolilatsetat kislota) sintez qilingandan keyin (1931—35) paydo boʻla boshladi. Keyinchalik auksin asosida bir qator yuqori biol. faol preparatlar sintez qilindi. Indolilmoy va naftilatsetat kislotalari Oʻsishni boshqaruvchi moddalarm. orasida eng yaxshi preparatlar hisoblanadi. Ekishdan oldin auksin, gibberellin va vitaminlar bilan namlanganda ekilgan urugʻning unib chiqishi tezlashadi, ildiz sistemasi yaxshi rivojlanadi, hosildorligi koʻpayadi. Dehqonchiliqda Oʻsishni boshqaruvchi moddalarm. suvli eritma, pasta, emulsiya, dust, aerozol bugʻ holida ishlatiladi. Ular oʻsimliklarning gullashini tezlashtirishda, koʻpchilik madaniy oʻsimliklarni qalamchadan koʻpaytirishda, har xil meva va rezavorlar mevalarini yiriklashtirishda qoʻllaniladi. Vegetatsiya davrida (gʻovlab ketish sharoitlari) ayrim ekinlarning oʻsishini toʻxtatish maqsadida sintetik oʻsish ingibitori — xlorxolinxlorid qoʻllaniladi.

Adabiyot[tahrir]

  • Imomaliyev A.I., Dehqonchilikda oʻsish regulyatorlarini qoʻllash, T., 1965;Polevoy V.V., Fitogormonm, M., 1984.