Oʻrindoshlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻrindoshlik — asosiy lavozim bilan bir vaqtda boshqa maoshli lavozimni egallab turish, shuningdek, asosiy ishdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa ishni muntazam bajarish. Oʻzbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligiga koʻra, Oʻ. boʻyicha ishga qabul qilish mehnat shartnomasi tuzish va ishga qabul qilish haqida buyruq chiqarish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi. Oʻ. boʻyicha ishga kirayotgan shaxsdan u ishlab turgan korxona tomonidan ruxsat berilishi, mehnat daftarchasi talab etilmaydi, uning oʻrniga doimiy ish joyidan maʼlumotnoma taqdim etilishi lozim. Xodimning iltimosi bilan uning doimiy ish joyida Oʻ. boʻyicha ishlayotgani haqida daftarchasiga yozuv kiritilishi mumkin. Oʻ. boʻyicha ishlayotgan shaxs oʻrniga doimiy xodim ishga qabul qilinishi munosabati bilan ishdan boʻshatilishi mumkin (Oʻzbekiston Respublikasining MK, 100-modda, 2-qism, 5band). Oʻ. boʻyicha ishlayotgan shaxsning ish vaqti 1 kunda 4 soatdan koʻp boʻlishi mumkin emas (dam olish kunlari toʻliq ish kuni). Oʻrindoshning ish vaqti jami oylik ish vaqti normasining yarmidan koʻpayib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Faqat bitta joyda Oʻ. asosida ishlash mumkin. Oʻ. boʻyicha ishlayotgan shaxs umumiy asoslarda yillik mehnat taʼtilidan foydalanadi va unga asosiy ish joyidagi taʼtil bilan bir vaqtda taʼtil berilishi lozim. Taʼtil vaqti uchun oʻrindosh xodimning ish joyi (lavozimi) hamda oʻrtacha ish haqi saqlanadi. Bir paytning oʻzida ikki rahbarlik lavozimida Oʻ. boʻyicha ishlash mumkin emas. Oʻrindosh xodimga amalda bajargan ish hajmiga koʻra (agar ishbay ishlasa) yoki ishlagan va ishiga mutanosib holda (vaqtbay ishlasa — 0,5 stavkadan koʻp boʻlmagan miqdorda) ish haqi toʻlanadi. Korxonada belgilangan mukofot va boshqalar ustama haqlar jamoa shartnomasida belgilab qoʻyilgani boʻyicha oʻrindosh xodimga ham toʻlanishi, unga korxona xodimlari uchun belgilangan boshqa imtiyozlar berilishi, kafolatli toʻlovlar toʻlanishi mumkin. Ularni xizmat safariga yuborish kelishuvga koʻra va asosiy ish joyidagi ish xususiyatlari hisobga olingani holda amalga oshiriladi.

Taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sanʼat va boshqalar ayrim soha mutaxassislarining baʼzi toifalariga bir necha muassasada Oʻ. boʻyicha ishlashiga ruxsat etiladi.

18 yoshga toʻlmagan xodimlarning Oʻ. boʻyicha ishlashiga ruxsat etilmaydi. Shuningdek, ishining xususiyati (intensivligi, xatarlilik darajasi va boshqalar) hisobga olingani holda ayrim toifa xodimlarning Oʻ. boʻyicha ishlashi korxona ish beruvchisi tomonidan xodimlar vakillik organi bilan kelishilgan holda cheklab qoʻyilishi mumkin. Davlat xizmatchilarining ayrim toifalari (mas, prokuratura, davlat soliq xizmati organlari xodimlari, sudyalar, notariuslar, bank boshqaruvchilari va boshqalar) uchun Oʻ. boʻyicha ishlash qonun hujjatlari bilan taqiqlanadi.

Yoʻldosh Tursunov.