Normurod Narzullayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Normurod Narzullayev (taxallusi Narziy) (1934.7.7, Kasbi tumani) – Oʻzbekiston xalq shoiri (2000). Oʻzbekistonda xizmat kursatgan madaniyat xodimi (1984). Oxunboboyev nomidagi Qarshi ped. bilim yurti (1948), Samarqand pedagogika institutining til va adabiyot fakultetini tugatgan (1956). Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari (1974), shu uyushmada kotib (1976—81), „Yosh gvardiya“ nashriyotida bosh muharrir (1981), „Kamalak“ nashriyot-matbaa birlashmasining bosh muharriri (1991—96), shu nashriyot direktori (1996—97). Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari „Kamolot“ jamgʻarmasining „Yangi asr avlodi“ nashriyot-matbaa markazida bosh muharrir (1997-yildan).

Ijodiy faoliyati 1954-yildan boshlangan. Ilk sheʼriy toʻplami – „Suyunchi“ (1965). N. „Zarafshon zarlari“ (1970), „Ufklarda koʻzlarim“ (1973), „Lahza va larza“ (1973), „Yogʻdu“ (1974), „Nigohlar“ (1976), „Sevgi sehri“ (1981), „Yaxshilik deb yashayman“ (1987), „Anik vaqt“ (1989), „Qalbim qatralari“ (1994), „Oq farishtam, oppoq farishtam“ (1995) va boshqa sheʼriy toʻplamlar muallifi. „Amir Temur haqida qoʻshiq“ asari tarixiy mavzuga bagʻishlangan.

N.ning bolalarga atab yozgan „Vatan seni erkalab“ (1966), „Shamol ushlagan bola“ (1985), „Bosh maydon“ (1990) asarlari bolalar dunyosi, ularning begubor olami hakida. N. asarlarida zamon va makon birligi, dunyo va davr tushunchasi ulugʻlanadi, yuksak fuqarolik, samimiyat, burchga sadoqat, vatanga muhabbat, jonajon oʻlka tabiatiga maftunkorlik tuygʻulari yetakchi oʻrinni egallaydi. N.ning koʻp sheʼrlari Koʻshiqqa aylangan. „Shuhrat“ medali bilan mukofotlangan (1998).

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Saylanma [2 j.li], 1981—85; Yurt ishqida yonaman, T., 1996; Bola koʻzi bilan koʻring dunyoni, T., 1998; Xalqim, sen bilan qalbim, T., 2000.