Neotektonika
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Neotektonika (neo… va tektonika), eng yangi tektonika — tektonikaning Yerning hozirgi relyefi asosiy qiyofasini shakllantirgan turli strukturalar, Yer poʻsti rivojlanishning tarixi va tektonik harakatlarini oʻrganuvchi boʻlimi. Bu jarayonlar Yer poʻsti tuzilishida yangi struktura shakllarini vujudga keltirib, qadimda paydo boʻlgan strukturalarni faollashtirgan. 1937-yil rus olimi S. S. Shuls birinchi marta „eng yangi tektonika“ istilohini taklif etdi. U Tyanshan togʻlari hozirgi relyefining vujudga kelishini eng yangi tektonika jarayonlari bilan izohladi. 1948-yilda geologlar neotektonikani geologiyaning mustaqil boʻlimi qilib ajratishni taklif qildilar. 1950-yilda olimlar tektonik harakatlar kuchaygan davr (neogen-antropogen davri)ni Yer poʻsti rivojlanishining mustaqil eng yangi tektonik bosqichiga ajratdilar. Yer poʻsti turli struktura elementlari —materik platformalari, orogenez zonalari, hozirgi geosinklinal oblastlar, tafrogenezda eng yangi tektonik harakatlar faolligining kuchayishi bir vaqtda kechmagan (kechki oligotsen, neogen, antropogen). Bu eng yangi tektonik bosqichning quyi chegarasi masalasi boʻyicha olimlar oʻrtasida bahsga sabab boʻldi.
Neotektonikada tektonik jarayonlarni oʻrganishda turli metodlar (tarixiy-geologik, tektonik va geomorfologik, geofizik, tarixiy-arxeologik, biogeografik) va boshqalardan foydalaniladi. Neotektonikaga doir turli regionlarning har xil masshtabdagi xaritalari nashr qilingan.
Neotektonikaning nazariy masalalarini ishlab chiqish amaliy vazifalar — muhandislik inshootlari (toʻgʻon, port va boshqalar) loyihalash va qurish, suv taʼminoti, neft va gaz quvurlarini yotqizish, konlarni qidirish, zilzilalarni bashorat qilish bilan chambarchas bogʻliq.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |