Navroʻz (restoran majmui)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"NAVROʻZ" — restoran majmui. Oʻzbekiston milliy bogʻi hududida joylashgan zamonaviy meʼmoriy inshoot. 1991-yilda ishga tushgan. Loyihasini Oʻzbekiston savdo binolarini loyihalash instituti (Uzgiprotorg) tayyorlagan (meʼmorlar: R. Yoqubov, V. Ostroverxoye, N. Batorin). "N." 2 qavatli, 1-qavatida "Baxt uyi", "Qishki bogʻ" deb atalgan madaniy hordiq chiqarish maskani, qahvaxona (40 oʻrinli), bar (100 oʻrinli) va turli xizmat koʻrsatish xonalari mavjud. 2-qavatda 3 ta zal yonma-yon joylashgan. Zaruratga qarab zallar urtasidagi koʻchma devorli toʻsiklar olinib katta zal (1000 oʻrinli) hosil kilish mumkin. "Us to" birlashmasi ustalari Mahmud Qosimov, Mahmud Abdurahmonov, Ravshan Niyozovlar milliy uslubda ganch oʻymakorligida did bilan bezagan maxsus (oliy martabali mehmonlar uchun) "Ziyofatxona" ham mavjud. Meʼmoriy jihatdan "N." kurkam zamonaviy koʻrinishga ega, anʼanaviy xalq sanʼati bilan uygʻunlashgan. Marmar zinapoyalar mahobat bilan bino ichkarisiga yoʻllaydi. Atrofidagi favvoralar majmui, koʻkalamzorlashtirilgan maydon binoni yanada tantanavor koʻrsatadi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil