Nav almashtirish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Nav almashtirish - ekilayotgan ekinlar navlarini hosildorligi hamda boshqa qimmatli xoʻjalik belgilari ustun boʻlgan yangi navlar bilan almashtirish. Yangi navlar Davlat nav sinash komissiyasi tomonidan avvalgi navlarga qaraganda hosildorligi, hosilning yoki qayta ishlangan maqsulotning sifati, mashina ishlovi va yigʻishtirishga mosligi, noqulay sharoitga, kasallik va zararkunandalarga chidamliligi koʻrsatkichlari boʻyicha ustun boʻlgandagina almashtiriladi.

Har bir Nav almashtirish davri ekin turlarini takomillashtirishda yangi sifat bosqichi hisoblanadi. Oʻzbekistonda ekiladigan 105 dan ortiq gʻalla, don, moyli, texnika, yem-xashak, sabzavot, poliz, kartoshka, mevali, manzarali, oʻrmon va boshqa ekinlar turlari boʻyicha yangi chiqarilgan, tiklangan, chet mamlakatlardan keltirilgan oʻsimliklar Nav almashtirish ishlari ilmiy va tashkiliy asosga qoʻyilgan va Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasi tomonidan olib boriladi.

Respublikada asosiy ekinlardan biri boʻlgan gʻoʻza boʻyicha 20-asrning 20-yillaridan boshlab 8 marta Nav almashtirish oʻtkazildi. Natijada almashtirilgan navlar hosildorlik, tola miqdori va sifati, tola chiqishi va tola uzunligi, kasallik va zararkunandalarga chidamlilik boʻyicha uzluksiz ustunlikni taʼminladi. Oʻzbekistonda Nav almashtirish davrlarida jami 170 ga yaqin gʻoʻza navlari rayonlashtirildi.

Oʻzbekistonda 1937—92 yillar davomida bugʻdoy boʻyicha 7 marta nav almashtirildi. Natijada yangi asr boshiga kelib don mustaqilligiga erishildi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil