Muvozanatlash

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Muvozanatlash — mashinalarning aylanuvchi qismlari (turbina yoki elektr dvigatel rotori, avtomobillarda tirsakli vallar, shkivlar, gʻildiraklar va boshqalar) ni barqarorlash. Buyumning bosh markaziy inersiya oʻqi, aylanish oʻqi va oʻz oʻqi bir-biriga nisbatan qanday joylashganligiga qarab, M. statik, dinamik va qayishqoq (elastik) usullarga boʻlinadi. Statik M. bosh markaziy inersiya oʻqi aylanish oʻqiga nisbatan parallel tarzda siljigan hollarda qoʻllaniladi. Dinamik M.dan bosh markaziy inersiya oʻqi aylanish oʻqiga nisbatan biror burchakka siljiganda, yaʼni oʻqlar buyumning ogʻirlik markazida kesishganda foydalaniladi. Qayishqoq M. usuli bosh markaziy inersiya oʻqining aylanish oʻqiga nisbatan siljishiga buyumning oʻqi egilishi sabab boʻlgan hollarda qoʻl keladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil