Musajon Alimuhammedov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Musajon Alimuhammedov
Tavalludi 1899-yil
Vafoti 1938-yil
Toshkent
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Taʼlimi Moskva Kommunistik universiteti (tamomlamagan)
Faoliyat yillari 1921—1937

Musajon Alimuhammedov (1899-yil, Toshkent – 1938-yil 4-oktyabr, Toshkent) – Sirdaryo viloyat partiya qoʻmitasi tashkiliy boʻlimi mudiri. Stalin davri qatagʻoni qurboni boʻlgan.

Musajon Alimuhammedov 1899-yili Toshkentda tugʻilgan. Birinchi jahon urushi boshlangunga qadar maktabda tahsil olgan. 1913-yildan Toshkentda Sherahmadboyning un zavodiga ishga kiradi. 1914-yildan 1918-yilgacha Yusup Dovudovning pivo zavodida ishlagan. 1918-yilning 1-yanvarida kommunistik partiya safiga qabul qilingan. 1920-yildan 1922-yilga qadar Toshkentning Eski shahar partiya qoʻmitasida tashkiliy boʻlim mudiri sifatida faoliyat yuritgan. 1922-yildan 1923-yilgacha Toshkentda tuman ijroiya qoʻmitasining raisi boʻlgan. 1923-yildan 1924-yilga qadar Buxoro viloyati partiya qoʻmitasida tashkiliy boʻlim mudiri vazifasida ishlagan. 1924-yildan 1925-yilgacha Sirdaryo viloyat partiya qoʻmitasida tashkiliy boʻlim mudiri boʻlib ishlagan. Soʻng ikki yil davomida Buxoro shahrida qishloq xoʻjalik kooperatsiya boshqaruvchi raisi lavozimida mehnat qilgan. 1927—1928-yillarda Moskva Kommunistik universitetida oʻqigan, biroq, sogʻligʻi yomonlashgach, oʻqishni tamomlamay qaytgan. 1928-yildan 1930-yilgacha Qirgʻizistonda Oʻsh okrugining partiya komitetida ommaviy targʻibot boʻlimi mudiri sifatida faoliyat yuritadi. 1930-yildan boshlab Bozorqoʻrgʻon tumani ijroiya qoʻmitasi raisi boʻlib ishlagan. 1932-yildan boshlab Toshkent shahrida OʻzSSR ishchi-dehqon xalq komissariatida sanoat guruhiga rahbarlik qilgan. Shundan keyin Musajon Alimuhammedovni Oltiariq tumani ijroiya qoʻmitasi raisligiga oʻtkazishgan[1].

1938-yilning 4-oktyabrda SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasining sud majlisida oʻlimga hukm qilinadi. Hukm ijrosi oʻsha kuni taʼminlanib, otib tashlanadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rustambek Shamsutdinov. Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (1-kitob). Sharq Toshkent 2012 — 59 bet. ISBN 978-9943-00-481-8.