Munojot (kuylar turkumi)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"MUNOJOT" (arab. — yalinish, yolvorish) — yirik shakldagi oʻzbek mumtoz cholgʻu kuylar turkumi. 3 asosiy qismdan tashkil topgan: "M.", "Savti M." va "Ufari M.". Turkumli ijroda baʼzan "Savti M."dan keyin "Oromijon" nomli kuy ulanib, soʻngra "Ufari M." yangraydi. Umumiy parda tuzilishi hamda bosh kuy mavzui boʻyicha ular Dugoh va Chorgoh maqom yoʻllariga mos keladi. "M." turkumining tarkibiy qismlari bir-biridan asosan usul negizi bilan farqlanadi (saraxbor, kashqarcha, ufar). Shu bilan birga oʻzbek musiqa merosida "Moʻgʻulchai M.", "Muxayyari M.", "Qashqarchai M." nomli cholgʻu kuylar ham mavjud.

Oʻtmishda "M." Alloxdan najot, madad tilab kilinadigan tungi yoki yashirin ibodat, uning ruhiy holati bilan bogʻliq holda yuzaga kelgan boʻlsada, "M." kuylari keng dunyoviy moxiyatga ega, lirik kayfiyatni aks ettiradigan jozibali, maftunkor, badiiy yetuk asarlardir. Shuningdek, I. Ikromov 1940-yillarda Navoiy qalamiga mansub "Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulroʻ kelmadi" gʻazalni "M." kuyiga mohirona bogʻlab, ashula yoʻlini yaratgan. Uni A. Haydarov, B. Dovidova, B. Is-hoqova kabi atoqli xonandalar oʻziga xos ijro uslublari bilan keng ommaga tanitgan. "M."ning "Oromijon" kismi esa "Qoshlari qalamlar" xalqsoʻzlari bilan aytilib kelinadi. "M." kuylaridan oʻzbek bastakorlari va kompozitorlari tomonidan har xil shakl va janrlarda unumli foydalanilgan (mas, F. Mamadaliyev — koʻp qismli yangicha "M." turkumi, D. Soatqulov — "Fargʻonacha kvarteti", M. Tojiyev — 3, 11simfoniyalari va boshqalar).

"M." atamasi boshqa Sharq xalqlari (mas, uygʻur, eron, tatar va boshqalar) musika merosida ham turli (diniy aytim, qoʻshiq va boshqalar) maʼnolarda uchraydi.

Ravshan Yunusov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil