Munavvara Qurbonova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Munavvara Qurbonova
Tavalludi 25-aprel 1982-yil (1982-04-25) (42 yosh)
Toshkent, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Ish joylari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti
Taʼlimi Oʻzbekiston Milliy universiteti
Ilmiy darajasi filologiya fanlari doktori
Ilmiy unvoni dotsent

Munavvara Abdujabborovna Qurbonova (1982-yil 25-aprel, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olima, filologiya fanlari doktori, dotsent.

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Munavvara Qurbonova 1982-yil 25-aprel Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. 2001-yilda Toshkent shahridagi koʻzi ojiz bolalar maktab-internatini tamomlab, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Oʻzbek filologiyasi fakultetiga oʻqishga kirgan. 2005-yilda bakalavriat bosqichini tamomlab, shu yili magistratura bosqichiga qabul qilingan[1]. 2007-yilda magistratura bosqichini tamomlab, aspirantura bosqichiga qabul qilingan. 2011—2013-yillarda „Bir safda“ jurnali muharririyati yetakchi mutaxassisi, 2013—2015-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida oʻqituvchi, 2015—2016-yillarda dotsent vazifasini bajaruvchi, katta ilmiy xodim-izlanuvchi lavozimida faoliyat yuritgan. 2016—2017-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida doktorantura bosqichida tahsil olgan. 2018—2022-yillarda Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek tilshunosligi kafedrasida dotsent lavozimida ishlagan. 2022-yildan buyon mazkur kafedrada professor vazifasini bajaruvchi lavozimida faoliyat olib bormoqda[1].

Ilmiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

2009-yilda „Oʻzbek bolalar nutqi leksikasining sotsiopsixolingvistik tadqiqi“ mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2018-yilda „Oʻzbek bolalar nutqining pragmatik xususiyatlari“ mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan[2]. 2010-yilda filologiya fanlari nomzodi, 2018-yilda filologiya fanlari doktori ilmiy darajalsini olgan, 2016-yilda dotsent ilmiy unvoni berilgan. 2015—2017-yillarda Munavvara Qurbonova „Koʻrish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari boʻyicha audiokitob taʼminotini yaratish“ davlat amaliy granti loyihasi doirasida 3 ta darslik, 8 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanmaning audiokitob shaklidagi nusxalari, tilshunoslikka oid dissertatsiyalar, monografiyalar va maqolalar mazmunini aks ettiruvchi 3 ta audiomaʼlumotlar toʻplami tayyorlangan. 2018—2020-yillarda uning rahbarligida „Koʻzi ojiz shaxslar uchun kompyuter texnikasidan foydalanish, matnlarni oʻqish va yozish imkonini beruvchi oʻzbek tiliga asoslangan gapiruvchi dasturiy taʼminot va ovoz sintezatorini ishlab chiqish“ davlat amaliy granti loyihasi doirasida Oʻzbekistonda birinchi marta sunʼiy intellekt texnologiyasi asosida oʻzbek tilidagi elektron matnlarni adabiy talaffuz meʼyorlariga muvofiq tarzda ovozli xabarga aylantiruvchi „UzNutq sintezator kompyuter dasturi“ (http://uznutq.com/) yaratilgan[3][4]. 2014-yilda „Oʻzbek bolalar nutqi leksikasining sotsiopsixolingvistik tadqiqi“, 2018-yilda „Oʻzbek bolalari nutqining lingvopragmatik aspekti“ monografiyalari, 2015-yilda „Hozirgi oʻzbek adabiy tili“ fanidan laboratoriya ishlari (koʻrish imkoniyati cheklangan talabalar uchun moʻljallangan)" oʻquv qoʻllanmasi, 2015-yilda „Hozirgi oʻzbek adabiy tili“ fanidan kurs ishlarini yozish metodikasi (koʻrish imkoniyati cheklangan talabalar uchun moʻljallangan)", 2016-yilda „Oʻzbek tili va adabiyoti“ mutaxassisligi boʻyicha magistrlik dissertatsiyasini yozishga qoʻyiladigan talablar (koʻrish imkoniyati cheklangan talabalar uchun moʻljallangan)" uslubiy koʻrsatmalari, 2021-yilda „Oʻzbek tili oʻzlashma soʻzlarining urgʻuli lugʻati“ oʻquv uslubiy lugʻati kabi kitoblari nashr etilgan[2]. Munavvara Qurbonova „Bolalar assotsiativ lugʻati“ mobil ilovasi[5] (2022) mualliflaridan biridir[1]. Olima 6 ta dasturiy mashgʻulot, 3 ta audiokitob, 1 ta oʻquv-uslubiy lugʻat uchun mualliflik guvogʻnomalarini olgan (2017-2022). 130 dan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari respublika miqyosida, shuningdek, AQSH, Angliya, Makedoniya, Polsha, Ukraina, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Qozogʻiston kabi xorijiy mamlakatlarda eʼlon qilingan (2004-2023). Oʻzbekiston Koʻzi ojizlar jamiyati aʼzosi. „Oʻzbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi“ I respublika tanlovida „Taʼlim sohasidagi eng samarali loyiha“ nominatsiyasi (2017—2018)[2], „Inno Week. Uz-2021 Xalqaro innovatsion haftaligi“ doirasida tashkil qilingan Xalqaro interaktiv yarmarkada „Ijtimoiy-gumanitar fanlar yoʻnalishidagi eng yaxshi innovatsion loyihalar koʻrgazmasi“ nominatsiyasi (2021)[3], „Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli“ haftaligi doirasida oʻtkazilgan „Ixtirochi ayol — 2022“ tanlovida[6] „AKTni rivojlantirish boʻyicha eng yaxshi innovatsion loyiha (EHM uchun yaratilgan dastur va maʼlumotlar bazasi)“ nominatsiyasi (2022)[7] boʻyicha 1-oʻrinni egallagan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Andoza:OʻTOE

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]