Kontent qismiga oʻtish

Said Ahroriy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Said Ahroriy, Muhammad Said Abdurashidxoʻja oʻgʻli Ahroriy (1895-yil Makka – 1931-yil 25-aprel, Moskva) – jamoat arbobi, jurnalist. Asli xoʻjandlik boʻlib, Turkiston ruslar tomonidan zabt etilgach, ota-onasi Makkaga, undan Turkiyaning Istanbul shahriga koʻchib borgan. Said Ahroriy 1911—1912 yillarda „Turon taʼmimi atfol“ jamiyatida masʼul kotib. Ismoil Gasprinskiy va Mahmudxoʻja Behbudiy bilan uchrashdi (1912). Birinchi jahon urushida ishtirok etdi. 1917-yil Fevral inqilobidan keyin Toshkentga kelib, maktablarda dars bera boshladi. „Turk soʻzi“ gazetasi muharriri (1917). Said Ahroriy, Muhammad Sayd, Tayfun, Qoyaalp taxalluslari bilan gazeta va jurnallarda sheʼr, maqolalar yozdi. Buxoro davlat nashriyoti rahbari, „Ozod Buxoro“ gazetasi maʼsul muharriri, BXSRning Ozarbayjondagi siyosiy vakili (1920—21). Uning „Buxoro joʻgʻrofiyasi“ (Yoqubov bilan hamkorlikda, 1923), „Xotin-qizlarga tortiq“ (1924), „Oʻzbek atamalari lugʻati“ (1926) kitoblari chop etilgan, dramasi (1929) oʻzbek drama teatrida qoʻyilgan. 1930-yil „Milliy ittihod“ tashkilotiga aʼzolikda ayblanib hibsga olingan. 1989-yil oqlangan. Istiqlol munosabati bilan Said Ahroriyning „Tanlangan asarlar“i nashr etildi (2001). Ad:. Ahrorova H., Izlarini izlayman, T., 1998[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil