Moʻyi Muborak madrasasi
Moʻyi Muborak madrasasi Toshkent hokimi Mirzo Ahmad qushbegi tomonidan 1856—1857-yillarda Toshkentning Hazrati Imom mavzesida, Minglar sulolasi hukmronligi davrida bunyod etilgan. Hozirgi kunda bu inshootda xalifa Usmon (644-656) davrida, yaʼni 644–648-yillarda kiyik terisiga hijoz xatida yozilgan Qur’oni Karim (Usmon Mus’hafi) saqlanadi. Bu Qur’onning eng nodir qoʻlyozmalaridan hisoblanib, u XIV asrda Amir Temur tomonidan Suriyadan olib kelingan.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Meʼmoriy obida oʻrnida qurilgan dastlabki inshoot (XVI asr) nurab, foydalanishga yaramay qolganligi uchun bu madrasa oʻrnida yangi bir madrasani qurish boshlanadi. Eng asosiysi, bu madrasada paygʻambar Muhammadning moʻyi (soch tolasi) saqlanib qolgan, deb ishoniladi. Yangi madrasaning bunyod etilishi shu „Muborak moʻy“ning saqlanishiga ham xizmat qilgan.
Meʼmoriy uslubi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Madrasa Sharq meʼmorchilik anʼanalarini oʻzida mujassamlashtirgan, „Chor“ uslubida, eshiklari esa xotamkori uslubida bunyod etilgan. Madrasa tarhi ham, meʼmoriy yechimi ham oʻziga xos boʻlib, uning peshtoqi rangin, naqshinkor gullar bilan bezaklangan. Inshoot tashqi bezaklarida asosan koʻk rang ustunlik qiladi. Madrasa toʻrtburchak tarhli, gumbazli boʻlib, uning 13 hujrasi mavjud. Meʼmoriy obidaning kiraverish eshiklarining yuqori qismi turli xil gulli koshinkori naqshlar bilan bezaklangan. Bezaklarning ikki chetki qismida gulli naqshlar chizilgan boʻlib, u guldan boshqa naqshlar tarqagan. Meʼmoriy obidaga kiraverish qismi ham meʼmorchilik anʼanalarini oʻzida yaqqol namoyon etgan boʻlib, madrasa ichkarisiga naqshinkor qilib ishlangan eshiklardan kiriladi. Eshikdan kiraverishda dunyoga mashhur „Mus’hafi Usmon“ tagkursi ustida turibdi. Madrasaning gumbaz osti naqshlari asosan yashil, moviy va tilla ranglar bilan ishlangan. Madrasaning boshqa hujralarida turli xil hajmli va turli davrlarda koʻchirilgan va boshqa tillarda chop etilgan Qur’on nusxalari saqlanadi. Madrasa eshiklari yogʻoch oʻymakorligining yorqin namunasi demakdir. Dastlab inshoot taʼlim maskani sifatida faoliyat yuritgan.
Hozirgi kunda
[tahrir | manbasini tahrirlash]Meʼmoriy obida Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach qayta taʼmirlangan. Jumladan, Toshkent shahrining 2200-yilligi munosabati bilan shahardagi meʼmoriy obidalar qatorida Moʻyi Muborak madrasasi ham taʼmirlandi. Meʼmoriy obida atroflari koʻkalamzorlashtirildi. Madrasa tomiga yangi gumbaz oʻrnatildi. Ganchkori bezaklarni Nodir Hoshimov, Sharofuddin Ziyovuddinov, Bahodir Ashirov kabi ustalar ishladi. Inshoot UNESCO tashkilotining Butunjahon yodgorliklari roʻyxatiga ham kiritilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- uzbekistantravel.uz
- Akbar Zamonov[sayt ishlamaydi]
- Mo'yi Muborak masjidi tarixi (Wayback Machine saytida 2020-05-15 sanasida arxivlangan)