Mobilizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Mobilizm (lot. mobilis — harakatchan) — Yer pusti (litosfera) materik boʻlaklarining geologik davr mobaynida bir-biriga nisbatan (bir necha ming km gacha) gorizontal va qutbiy siljishi haqidagi ilmiy faraz (gipoteza). M. fiksizm, yaʼni bunday siljishini inkor etuvchi va Yer poʻsti rivojlanishini vertikal harakatlarga bogʻlovchi gipotezaga muqobil qoʻyiladi. Materiklarning siljishi haqidagi ilmiy dalillar bilan asoslangan da-stlabki gipoteza 1910—12 yillarda amerikalik olim F. Teylor va nemis geofizigi A. Vegenerlar tomonidan taklif qilingan. M.ning hozirgi zamon varianti — "yangi global tektonika" (yosh plitalar tektonikasi), asosan, okeanlar tubi tuzilishi va magnit maydonlarini oʻrganish natijalariga, shuningdek, paleomagnitizm maʼlumotlariga asoslangan. Bu tasavvurlarga muvofiq, materik boʻlaklaridan tashqari unga yondosh okean tubi Yer poʻstining mantiya yuqori qismi katta maydonlarini ham qamrab oluvchi yaxlit plita juda sekinlik bilan (yiliga oʻrtacha 1 — 5 sm) harakatlanadi. Plitalar okean oʻrta tizmalaridan yosh burmalangan mintaqalarga va orollar yoyiga qarab har ikki tomonga siljib boradi. Bu yerda oʻzaro yaqinlashayotgan plitalardan birining old chekkasi egilma siniq boʻylab ancha chuqurlikka choʻkadi, natijada katta seysmik harakatlar vujudga keladi; boshqa plitaning materik poʻstida siqilishi oqibatida burma va surilmalar hosil boʻladi. Surilgan palaxsalar ortida choʻzilish strukturalari — riftlar vujudga keladi. Plitalar ajralgan joydagi yoriqqa yuqori mantiyadan moddalar koʻtarilib rift zonalarida yangi pust shakllanadi; bu bilan okean tubi maydoni kengayadi. Bir-biridan ajralib ketgan paleozoy materiklari — Gondvana (Jan. Amerika, Afrika, Xindiston, Avstraliya va Antarktidani oʻz ichiga olgan) va Lavraziya (Shim. Amerika, Yevropa, Osiyoning shim.yarmi)ning geologik tuzilishi va ular materik yon bagʻri chiziqlarining oʻzaro oʻxshashligidan kelib chiqib paleotektonik bir butunlik gʻoyasi taklif qilingan. Buni paleoiqlim va paleomagnit maʼlumotlari ham tasdiqlaydi. Mezozoy va kaynozoy davrlarida sodir boʻlgan siljishlar natijasida Tetis geosinklinal okeani butunlay barham topib, yangi — Hind va Atlantika okeanlari vujudga keldi. Materiklar harakatining asosiy sababchisi sifatida mantiya moddasining konvensiya oqimi koʻrsatiladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil