Mnemotexnika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mnemotexnika (yun. mneme - xotira, techne — mahorat) — insonning eslab qolish qobiliyatini namoyish etuvchi sirk yoki estrada tomoshasi. Turli narsalar nomini, hujjat yoki pul kupyuralarini, sonini maxsus ishlab chiqilgan uslub yordamida eslab qolish va aniq aytib berishga asoslangan M. tomoshasini, odatda, ikki kishi ijro etadi. Birinchisi tomoshabinlarning qoʻlidagi turli narsalar (roʻmolcha, kalit, koʻzoynak, soat va h.k.)ni koʻrsatib, savol beradi, ikkinchisi esa koʻzi bogʻlangan holda koʻrsatilgan narsalarni yoki son raqamlarini bexato aytib beradi. M. asosini turli shifr (kod)lar tashkil etib, ular tomoshabinga sezilmaydigan intonatsiya, savolning tuzilishi, maxsus tovush signallari orqali birinchi ijrochidan ikkinchisiga yuboriladi. M. sanʼatiga 18-asrda fransiyalik mashhur fokuschi Pinetti asos solgan. 20-asrda M.ningrivojlanishigaArrago, I. Sun va G. Agaronovlar katta hissa qoʻshdilar. Oʻzbek sirkida Ye. va A. Shohqulovlar, F. va Sh. Rajabovlar, P. Egamberdiyev faoliyat koʻrsatib kelishmoqda. M. sanʼati anʼanaviy sirk guruxlari da-sturida ham uchraydi.

Poʻlat Toshkanbayev.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil