Mnemosxema

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mnemosxema — boshqariladigan obyektning boshqarish pulti, shchiti, paneli yoki signal tablosiga oʻrnatiladigan shartli tasviri. M. obyektning holatini yoki ishlab chiqarish jarayonining borishini yaqqol koʻrsatib turadi. Ishorali (belgili) va yorugʻlikli xillarga boʻlinadi. Boshqariladigan (yoki nazorat qilinadigan) obyekt elementlari umumiy qabul qilingan elektr, texnologik, transport va boshqa sxemalarda tasvirlanadi. Masalan, elektr stansiya M. sida dvigatel va generatorlar doyra bilan, viklyuchatellar kvadrat bilan belgilanadi. Kuchlanishning qandayligiga qarab, bu elementlar turli rangga boʻyab qoʻyiladi. M.ning operatorlik va dispetcherlik xillari bor. Operatorlik M.sida barcha texnologik komplekslar bir joyga jamlangan boʻladi, dispetcherlik M.sida esa koʻp obyektlar va texnik komplekslardan iborat tizim butun territoriya boʻylab taqsimlanadi. M. boshqariladigan obyekt murakkab boʻlgan, ishlab chiqarish jarayoni koʻp parametrlar boʻyicha nazorat qilinadigan va boshqa joylarda ishlatiladi. M.dan texnika koʻrgazmalarida namoyish qilinadigan modellar va oʻquv qoʻllanmasi sifatida ham foydalaniladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil