Kontent qismiga oʻtish

Xalkopirit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Mis kolchedanidan yoʻnaltirildi)

Xalkopirit (yun. Chalkos mis va pirit), mis kolchedani – mineral, mis va temir sulfidi. Kimyoviy tarkibi CuFeS2 (34,57% mis, 30,54% temir, 34,9% oltingugurt), aralashma holda Ag, Zn, Au, As, Se, Sn kabilar bor. Tetragonal va kub singoniyada kristallanadi. Moʻrt. Yarimoʻtkazgich; antiferromagnetik. Donador, yashirin kristalli, baʼzan buyraksimon agregatlar hosil qiladi. Rangi oltindek sariq, toʻq sariq. Metalldek yaltiroq. Qattikligi 3-4; zichligi 4,1-4,3 g/sm3. Deyarli barcha genetik tipdagi magmatik konlardan choʻkindi konlargacha uchraydi. Intruziv jinslar orasida joylashgan mis-nikel sulfid konlarida pirrotin, pentlandit, magnetit, kubanit va boshqa minerallar bilan birga topiladi. Nurash jarayonida xalkopirit hisobiga kuprit, malaxit, limonit, xrizokolla va boshqa minerallar hosil boʻladi. Xalkopirit misning eng koʻp tarqalgan mineralli va mis rudalarining asosiy minerali. Konlari Rossiya Federatsiyasi (Norilsk), Qozogʻiston (Jezqazgan), Kanada, Ispaniya, Buyuk Britaniya, AQSH, Markaziy Afrikada mavjud. Oʻzbekistonda Olmaliq, Qoʻngʻirot, Qoʻrgʻoshinkon, Qalmoqqir, Qoʻshbuloq, Qoramozor konlarida topilgan.