Mirzo (shoir)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mirzo (taxallusi; asl ismi Muhammadrasul Niyozmuhammad oʻgʻli, 1840. 1. Xiva — 1922) — shoir, tarjlmon, xattot, bastakor. Komil Xorazmiyning oʻgʻli. Xivadagi Shergʻozixon madrasasida oʻqigan. Xiva xoni Muhammad Rahimxon II — Feruz saroyida otasidan soʻng mirzaboshi boʻlgan. M.ning lirik merosi oʻzi tuzgan "Margʻub un-nozirin" ("Nazar soluvchilarga yoqimli tuhfa") devoniga jamlangan, unda 7650 miyera sheʼrlar mavjud. Ushbu devon 1907—09 yillarda Xivada toshbosma usulida nashr etilgan.

M. tarjimon sifatida Firogʻiyning "Raʼno va Zebo", Fuzuliyning "Soqiynoma" (yoki "Haft jom" — "Yetti qadaq"), Ahmad al-Buniyning "Shams ulmaorif" ("Maorif kuyoshi"), Mavlaviy Abdulhaqning "Fazoil ul-Qurʼ-on" ("Qurʼon fazilatlari") asarlarini, "Tib" kitobidan "Tuhfat ul-moʻʼminin" ("Moʻminlarga tuhfa") asarining bir bobi va "Daqoyiq ul-axbor" ("Nozik maʼnoli xabarlar") asarlarini fors va arab tillaridan oʻzbek tiliga oʻgirgan.

M. nasx va nastaʼliq xatlarini nihoyatda goʻzal yozgan. Laffasiyniit yozishicha, M. 500 dan ortiq kishiga xattotlik hunarini oʻrgatgan. M. tanbur, rubob, gʻijjak va childirma chalishda mahorat va isteʼdodga ega boʻlgan. U musiqa boʻyicha Feruzning ustozidir. Bastakor sifatida Xorazm "Shashmaqom"ining "Rost" maqomiga "Saʼb" va "Ufori" kuylarini bastalagan; yarim maqom hisoblangan "Panjgoh" maqomiga bir qancha kuylarni qoʻshib, toʻliq bir maqom holiga keltirgan. Xorazm maqom kuylarini Komil Xorazmiy joriy etgan chiziqli notaga koʻchirib, kitob holiga keltirgan. Madrasalarda arab va fors tillaridan mudarrislik ham qilgan. U oʻzi qurdirgan madrasada dafn etilgan. M. devoni, koʻlyozmalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanadi (inv. № 1500, 6947, 1125).

Ibrohim Karimov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil