Milliy daromad

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Milliy daromad - 1) mamlakatdagi milliy iktisodiyotning xoʻjalik yurituvchi subʼyektlari tomonidan muayyan bir davrda (odatda bir yilda) moddiy ishlab chiqarish tarmoqlarida yaratilgan sof mahsulot; yalpi mahsulot hajmidan uni ishlab chiqarish uchun sarflanadigan mehnat vositalari va buyumlarini qoplaydigan mahsulot miqsorini — qoplash fondini chegirib tashlangandan keyin qoladigan mahsulot; 2) Gʻarb mamlakatlari iqtisodchilari talqinida mamlakatdagi mehnat, kapital va yer egalarining bir yilda olgan ish haqi, foyda, foiz va renta kabi daromadlari yigʻindisi.

Yil davomida yaratilgan yalpi mahsulot qiymati 2 qismdan iborat: ilgari yaratilgan va sarflangan ishlab chiqarish vositalarining mahsulotga koʻchirilgan qiymati; yangidan yaratilgan qiymat. Yangidan yaratilgan qiymat sof mahsulotning (Milliy daromadning) qiymatidir. Milliy daromad moddiy ishlab chiqarish tarmoqlaridagi korxonalar sof mahsulotlarining yigʻindisi sifatida hisoblanadi. Ayrim tarmoq yoki korxonalarning sof mahsuloti uning yalpi mahsuloti va moddiy ishlab chiqarish sarflari oʻrtasidagi farq (qoldiq) sifatida aniqlanadi. Xizmat koʻrsatuvchi firmaning yalpi pul tushumidan xizmat koʻrsatish boʻyicha moddiy sarflar chegirilib, xizmat koʻrsatuvchi firmaning (korxonaning) pul shaklidagi yalpi daromadi aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasida Milliy daromadni moddiy ishlab chiqarish sohasida yaratilgan sof mahsulot sifatida hisoblash boʻyicha katta tajribalar toʻplangan. Chunki yaqin oʻtmishda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan va foydalanilgan Milliy daromad sof mahsulot sifatida hisoblangan. Bunday qoidaning hozirgi paytda ham amal qilishi juda katta ijtimoiy-iktasodiy ahamiyatga egadir, chunki bu usul ishlab chiqariladigan mahsulotni, qoplash fondini va sof mahsulotni hisoblash, isteʼmolni va jamgʻarishni optimallashtirish siyosatini oʻtkazishga imkon beradi. Sof mahsulotning muttasil koʻpayishi, oʻsishi esa ishlab chiqarish sohasida va boshqa sohalarda band kishilar, korxonalar va tashkilotlar moddiy taʼminlanishini yanada oshiradi.

Jamiyatda olinadigan ish haqi, foyda, renta, foiz kabi daromadlar yigʻindisi — birlamchi pul daromadlari va ularni qayta taqsimlashlar (shu jumladan, xizmatlar, ijara, prokat, qarz, soliq kabilar orqali qayta taqsimlashlar) natijasida hosil boʻladigan ikkilamchi va h. k. pul daromadlar yigʻindisidir. Shuning uchun ham muomaladagi pul massasi ham, ish haqi, foyda, renta va foiz shaklida olingan pul daromadlari yigʻindisi ham jamiyatning haqiqiy Milliy daromad boʻla olmaydi, chunki qogʻoz pullar va pul daromadlari haqiqiy, real daromad emas, ularning miqdoriga va harid kuchiga koʻp omillar taʼsir etadi.

Har qanday mamlakatda, jamiyatda moddiy ishlab chiqarish sohasi tarmoqlarida yaratilgan sof mahsulotlardan iborat Milliy daromadgina boshka shart-sharoitlar teng va oʻzgarmas boʻlganda, butun xalq isteʼmolini va mamlakat iktisodiy taraqqiyotini taʼminlashning , har bir shaxs va barcha aholi real daromadlarini oshirishning juda muhim moddiy asosidir. Milliy daromad moddiy ishlab chiqarish sohasida yaratilgan sof mahsulotnigina qamrab oladi. Shuning uchun ham milliy hisoblar tizimita oʻtish munosabati bilan xalqaro hisobkitoblar uchun BMTning tavsiyasiga binoan, Milliy daromad oʻrniga yalpi milliy mahsulot, 1993 yildan esa yalpi milliy daromad koʻrsatkichi qoʻllanila boshladi.

Adabiyot[tahrir]

  • Smit A., Issledovaniye o prirode i prichinax bogatstva narodov, M., 1962; Rikardo D., Soch. T. I. Nachala politicheskoy ekonomiki i nalogovogo oblojeniya, M., 1955.

Erlis Ashqulov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil