Mikroiqlim (mikro… va iqlim) – yer yuzasiga yaqin havo qatlamining iqlimi; mahalliy iqlim doirasida yer yuzasining kichik farqlari tufayli roʻy beradi. Masalan, biron oʻrmonning mahalliy iqlimida oʻrmon ichidagi yalangliklar, oʻrmon chetining mikroiqlimi, shaharning mahalliy iqlimida ayrim maydonlar, koʻchalar, xiyobonlar, hovlilar mikroiqlimi va hokazo farq qiladi. Yer yuzasidan baland koʻtarilgan sari mikroiqlim farqlari tez yoʻqola boradi. Mikroiqlim koʻp jihatdan ob-havo sharoitiga bogʻliq: havo ochiq va shamolsiz boʻlganda mikroiqlim tafovutlari kuchli boʻladi, osmon bulut boʻlganda esa, mikroiqlim bir-biridan kam farq qiladi. Mahalliy iqlim, mikroiqlim kichik hududlar iqlimidir. Joyning mikro-iqlimiy xususiyatlarini aniqlash uchun meteorologik kuzatishlar oʻtkaziladi. Kuzatishlar, odatda, qisqa vaqt ichida va har xil balandliklarda olib boriladi. Kuzatish natijalari muntazam ishlaydigan stansiyalarda shu vaqtlar davomida oʻtkazilgan kuzatish natijalari bilan taqqoslanadi[1].