Mendelizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Mendelizm — organizmlar belgilarining irsiylanish qonunlari haqidagi taʼlimot. Bu taʼlimotning yaratilishida Mendel tadqiqotlari hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻldi. Mendel kashf etgan irsiylanish qonunlari (qarang Mendel qonunlari) M.ning poydevori hisoblanadi. Mendel qonunlari 1865 yilda kashf etilgan boʻlib, uning zamondoshlari bu kashfiyotga munosib baho bera olmagan. 1900 yilda nemis botanigi K. Korrens, Avstriya olimi E. Chermak va niderland botanigi X. De Frizlar har xil oʻsimlik turlari duragaylarida olib borgan tajribalari asosida birbirlaridan mustaqil holda Mendel qonunlarini qayta kashf etishdi. Shuning uchun 1900 yil genetika fani tashkil topgan, yaʼni M.ga asos solingan yil hisoblanadi. M. terminini 1905 yilda R. Pennet taklif etgan. Genetikaning rivojlanishi va M. nazariy asoslarining yaratilishi Mendelning irsiy omillar (1906 yildan boshlab U. Betson taklifiga binoan "genlar") haqidagi gʻoyasi katta ahamiyatga ega boʻldi. Irsiy omillar (genlar)ning Mendel kashf etgan xususiyatlari zamonaviy genetik tadqiqotlarida toʻla-toʻkis tasdiqlandi. M. taʼlimotiga koʻra, organizm belgilarining irsiylanishini taʼmin etuvchi irsiy omillar (genlar) moddiy asosga ega boʻlib, ular uchun diskretlik, stabillik (barqarorlik, turgʻunlik) xususiyatlari xos; genlar turli — dominant va retsessiv holatda faoliyat koʻrsatishi mumkin. Gen allellari tana hujayralarida ikkitadan, yaʼni juft (diploid) holatda; jinsiy hujayralarda bittadan, yaʼni yakka (gaploid) holatda boʻladi. Erkak va urgʻochi jinsiy hujayralar qoʻshilishi tufayli vujudga keladigan yangi avlod, yaʼni zigotada genlarning juftlik holati yana qayta tiklanadi. Genetikaning Mendeldan keyingi davrida M. tez surʼatlar bilan rivojlandi, u yangi qonuniyatlar, dalillar va gʻoyalar bilan boyitildi. M.ning rivojlanishini taʼmin etgan asosiy ilmiy natijalar quyidagilardan iborat: 1) noʻxat oʻsimligida Mendel tomonidan kashf etilgan umumbiologik irsiylanish qonunlari barcha organizm (oʻsimlik, hayvon, mikroorganizm)lar uchun xos ekanligi; 2) organizm belgilari irsiylanishining yangi qonunlari kashf etilishi, yaʼni irsiyat har doim faqat bitta gen bilan bogʻliq boʻlib qolmasdan, ikki va undan ortiq noallel genlar (poligenlar)ning oʻzaro taʼsiri tufayli amalga oshishi ham isbotlanganligi; poligenlarning komplementar, epistaz, polimer hamda bir genning koʻp tomonlama (pleyotropiya) taʼsirida belgilarning irsiylanish qonunlari ochilganligi; 3) sitoge-netikada xromosomalar soni va faoliyatini oʻrganish natijasida olingan dalillar Mendel qonunlarining sitologik asosi boʻlib xizmat qilishi; organizm belgilarining irsiylanishida Mendel tomonidan aniqlangan allel va noallel genlar faoliyati bilan bir qatorda sitogenetikada aniqlangan gomologik va nogomologik xromosomalar faoliyatida uygʻunlik (oʻxshashlik) borligi; 4) Mendelning irsiy omil (gen) haqidagi gʻoyasi, uning asosiy xususiyatlari haqidagi taʼlimotning genetik, sitogenetik va molekulyar genetik tadqiqotlar tufayli toʻldirilganligi va rivojlanganligi; oqibatda irsiyatning moddiy asoslari hisoblangan genlar struk-turasi va funksiyasi toʻgʻrisidagi yangi qonuniyatlar aniqlanganligi. M. Ch. Darvin asos solgan evolyusion taʼlimotning genetik asoslarini ishlab chiqishda katta ahamiyatga ega.

Joʻra Musayev.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil