Melaneziya
Melaneziya – Okeaniyadagi yirik orollar guruhlaridan biri. Tinch okeanning janubi-gʻarbiy qismida ekvatordan janubi-sharqqa tomon qariyb 5000 km choʻzilgan. Asosiy orollari va orollar guruhlari: Yangi Gvineya, Bismark arxipelagi, Solomon orollari, Yangi Gebrid, Yangi Kaledoniya, Fiji orollaridan iborat. Umumiy maydoni 1 mln. km² chamasida.
Melaneziya orollari materik qoldiqlaridan va vulqon otilishi natijasida hosil boʻlgan. Sayoz joylarda marjon riflari bor. Zamini kristalli, metamorfik va choʻkindi jinslardan tuzilgan. Yirik orollarning relyefi, asosan, togʻlik, eng baland joyi 5029 m (Yangi Gvineya orolidagi Jaya togʻi), sohil qismi pasttekislik. Melaneziyada vulqon otilishlari va tez-tez zilzila boʻlib turadi. Iqlimi ekvatorial va subekvatorial, janubiy orollarida tropik iqlim. Oʻrtacha oylik harorat 25—28°. Yillik yogʻin togʻlarning shamolga roʻpara yon bagʻirlarida 7000–9000 mm, qolgan joylarida 1000–2000 mm. Daryolari koʻp. Oʻsimlik dunyosi endemik turlarga boy. Shimoldagi yirik orollar qalin sernam ekvatorial oʻrmonlar, markaziy va janubiy orollar mussonli oʻrmonlar va savannalar bilan qoplangan. Hayvonot dunyosi Avstraliya zoogeografik oblastiga mansub. Aholisi tropik dehqonchilik, baliq ovlash, marvarid va sadaf qidirish bilan shugʻullanadi. Kokos palmasi, kauchukli oʻsimliklar, shakarqamish, kakao, kofe plantatsiyalari bor. Sholi, makkajoʻxori, maniok, yams ekiladi. Chorva boqiladi. Yogʻoch tayyorlanadi. Nikel, kobalt, xrom, marganets rudalari; Fiji, Solomon orollaridan oltin qazib chiqariladi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |