Mehnat birjasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Mehnat birjasi - ishsizlarni, ish joyini oʻzgartirishni istovchi shaxslarni ishga joylashtirish bilan shugʻullanadigan maxsus davlat muassasasi. Mehnat bozorining tashkil etilgan va tartiblanib turadigan shakli. Mehnat birjasi das-tlab 19-asrning 1-yarmida Germaniya va Angliyada, keyinchalik Fransiya va boshqa davlatlarda paydo boʻldi. 20-asrning boshlarida Angliyada umummilliy Mehnat birjasi tashkiloti taʼsis etildi. Mehnat birjasi boʻsh oʻrinlar va ishsizlarni hisobga olib boradi, ishsizlarga nafaqa toʻlaydi. Koʻpgina mamlakatlarda Mehnat birjasi kasbga yoʻllash, qayta ixtisoslashtirish va ishga joylashtirish boʻyicha turli xil xizmatlarni bajaradi. Ularning faoliyatlari ishsizlarni ish bilan taʼminlash, ishlab chiqaruvchi tarmoqlar tuzilmalaridagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq holda oʻzgarib turadigan mehnash bozori ehtiyojini qondirishdan iborat. Mehnat birjasi bozor iqtisodiyotining muhim unsurlaridan biri. Oʻzbekistonda Mehnat birjasilari 1993 yildan paydo boʻldi.

Respublikaning tuman va shaharlarida 213 mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman boʻlimlari huzurida Mehnat birjasilarining keng tarmoqli tizimi tashkil etilgan. Oʻzbekistonda mehnat birjalari ishsizlarni roʻyxatga oladi, ularni kasbga yoʻllaydi, ishsizlik boʻyicha nafaqalar toʻlaydi, ish izlayotgan fuqarolarni haq toʻlanadigan vaqtincha jamoat ishlari bilan taʼminlaydi. 2000 yilda 280,6 ming fuqaro Mehnat birjasi orqali ishga joylashtirildi. Ahmadjon Oʻlmasov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil