Junaydxon: Versiyalar orasidagi farq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
k Nataeva sahifa nomini Junaydxon Qurbon Mamed sardordan Junaydxon Qurbon Mamed Sardorga yoʻnaltirish ustidan koʻchirdi
k Nataeva Junaydxon Qurbon Mamed Sardor sahifasini Junaydxonga koʻchirdi
(Farq yoʻq)

2-Mart 2019, 05:59 dagi koʻrinishi

JUNAYDXON Qurbon Mamed (Muhammad) sardor (1857, hozirgi Taxta tumani, Turkmaniston — 1938, Hirot atrofi, Afgʻoniston) — Istiqlolchilik harakati namoyandalaridan. Mustamlakachi chor Rossiyasi hamda shoʻro qoʻshinlariga qarshi kurashgan. Yovmut qabilasi bayramali urugʻining junayd tarmogʻiga mansub. Nizoli masalalarni adolatli hal qilganligi va jasurligi uchun turkmanlar orasida uning shuhrati keng yoyilgan. U uzoq yillar mobaynida oʻz urugʻining mirobi, qozisi, oqsoqoli, harbiy boshligʻi boʻlgan. Chorizmning Xiva yurishlari paytida yosh Qurbon Mamed turkman yovmut yigitlari qatorida rus bosqinchilariga qarshi janglarda qatnashgan. Asfandiyorxon J.ni turkman qabilalarining sardori etib tayinlagan (1915). Turkman oqsoqollari uni Junaydxon deb eʼlon qilishgan. Turkman davlatini tuzish maqsa-dida J. Xivaga yurish qilgan (1916). Xivani egallagan J. qoʻshini xondan katta miqdorda tovon puli olgach, 15 fevralda poytaxtni tark qiladi. Turkiston harbiy gubernatori zudlik bilan Xivaga Toshkentdan general Galkinning jazo otryadini yuboradi. 16 martda Gʻazovotda J. qoʻshini ruslardan yengilgach, Qoraqumga chekingan, soʻngra Eron va Afgʻonistonga oʻtib ketgan. J. 1917 y. yozida Xorazmga qaytib kelib, siyosiy hokimiyat uchun kurashni davom ettirgan. 1918 y. 10 yanvarda Asfandiyorxon J.ni Xivaga taklif qilib, xonlik qoʻshinlarining bosh qoʻmondoni qilib tayinlashga majbur boʻlgan. J. 1918 y. okt.da Asfandiyorxonga suiqasd uyushtirib, uni oʻldirgan va xonning akasi Sayd Abdullaxonni Xiva taxtiga oʻtqazgan, amalda J. xonlikning mutlaq hukmdoriga aylangan. Rossiyaga (1918 y. yanvar — 1920 yanvar) qaram boʻlgan Xiva xonligi amalda mustaqil davlatga aylangan. J. 1918 y. oʻrtalari — 1920 y. yanvarda shoʻro qoʻshinlariga qarshi keskin kurash olib borgan, biroq magʻlubiyatga uchrab choʻlga chekingan. Xivada xonlik tuzumi agʻdarilib Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR) tuzilgan. J. turkman, oʻzbek, qoraqalpoq, qozoqlardan iborat 30 ming kishilik qoʻshin tuzib kurashni davom ettirgan. Shoʻro hukumati J. ga qarshi kurashda boshqa turkman sardorlari Qoʻshmamadxon va Gʻulomalixonlarni jalb qilgan. Natijada 1920 y. avg .da ular J. koʻshiniga zarba berishgan. J. Turkistondagi istiqlolchilik harakati kuchlarini yagona qoʻmondonlik ostiga birlashtirish maqsadida 1922 y. boshida Anvar posho va Fargʻonadagi qoʻrboshilar bilan aloqa oʻrnatgan. U oʻz qoʻshinida qattiq tartib intizom oʻrnatdi va xorijdan zamonaviy qurollar sotib oldi. J. 1922 y. aprelda Porsu qalʼasini qizillardan ozod qilgan. 1923 y. dek.da Pitnak, Hazorasp, Bogʻot, Xonqa tumanlarida shoʻro tuzumiga qarshi dehqonlarning ommaviy qoʻzgʻolonlari boshlangan. J. qoʻzgʻolonchilarga madad berish uchun 15 ming kishilik qoʻshini bilan Xivani gʻarbdan qurshovga olgan (1924 y. 10 yanvar) Shoʻro hukumati unga qarshi butun vositalarini ishga solib fevral boshlarida Xivaga Toshkent, Toʻrtkoʻl, Aktyubinsk (Oqtoʻba)dan qoʻshimcha kuch tashlagan, J. Afgʻonistonga chekinish (1924.17.6)ga majbur boʻlgan. Biroq shu yilning kuzida Xorazm vohasiga qaytib kurashni davom ettirgan. Turkmaniston SSR Sovetlarining 1-sʼyezdi yangi hukumat boshligʻi Q. Otaboyevning qatʼiy talabi bilan J. va uning safdoshlarini afv etgan (1925 y. fevral). BiroqJ. 1927 y. 19 sent.da Toshhovuz okrugidagi Oqtepada shoʻro hokimiyatiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtargan. Turkmaniston XKS va MI K darhol J.ni qonundan tashqari deb eʼlon qilgan. J. lashkari Toshxovuz okrugi Taxta va Koʻhna Urganch tumanlaridagi koʻplab ovullarda shoʻro hokimiyatini tugatishgan. Tengsiz janglarda J. magʻlubiyatga uchragan boʻlsada, S. M. Budyonniyning saralangan maxsus otliq qoʻshini uni qoʻlga tushira olmagan. J. Xorazm vohasida ayrim tanaffuslar bilan 1931 y.gacha kurash olib borib, nihoyat Eron orqali Afgʻonistonga oʻtib ketgan.

Adabiyot

  • Yusupov P., Yosh xivaliklar tarixi (xotiralar), Urganch, 2000; Rajabov Q. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar. T., 2000; Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2-kitob (Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida), T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Xiva — ming gumbaz shahri, T., 1997; Validiy A. 3., Boʻlinganni boʻri yer (xotiralar), T., 1997.

Qahramon Rajabov.[1]

Manbalar

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil